O‘zbekiston | 09:48 / 23.11.2019
4689
7 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingini aniqlash tartibi joriy etiladi

Foto: Mixail Kireyev

O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingini aniqlash tartibi joriy qilinadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingini shakllantirishga mas'ul etib belgilanmoqda.

Ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingini aniqlashda quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyati darajasi, ilmiy-tadqiqot ishlari sifati, ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini tavsiflovchi ma'lumotlar bazasini tizimli asosda shakllantirish hamda ularni reyting indikatorlariga muvofiq baholash asosida har yili respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingini tuzish;

jahondagi yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va milliy ilmiy-tadqiqot muassasalarining dunyodagi nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingiga kirishida amaliy yordam ko‘rsatish;

reyting natijalari asosida respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati to‘g‘risida tahliliy axborot tayyorlash va uni ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlari sifatini oshirishga qaratilgan aniq takliflar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

har yili reyting natijalarini O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy veb-saytida e'lon qilish;

ilg‘or xalqaro tajribalar asosida hamda fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda reyting tuzilmasiga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

Belgilab qo‘yilishicha:

tegishli vazirliklar va idoralarning mas'ul tarkibiy bo‘linmalari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan reytingni aniqlashga doir ma'lumotlar to‘planadi, tahlil qilinadi hamda har yili 1 fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga kiritiladigan reytingni aniqlashga doir ma'lumotlarning asoslanganligi, ishonchliligi va belgilangan muddatda taqdim etilishi uchun ma'lumotni kiritayotgan vazirliklar va idoralar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining birinchi rahbariga shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.

Ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning ilmiy-innovatsion faoliyati darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, ilmiy xodimlarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari uchun ilmiy hajmdor mahsulotlar va texnologiyalarni tayyorlashga zamin yaratish reytingni aniqlashning maqsadi hisoblanadi.

Quyidagilar reytingni aniqlashning vazifalari hisoblanadi:

ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni muntazam takomillashtirib borish asosida bozorda talab yuqori bo‘lgan ilmiy hajmdor mahsulotlarni tayyorlash;

ilmiy-tadqiqot muassasalarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiya ishlari sifati, ulardagi mavjud imkoniyatlar, ilmiy laboratoriyalar, asbob-uskunalar haqida ilmiy faoliyatni boshqarish bo‘yicha vakolatli organlar, buyurtmachilar va keng jamoatchilikni xolis axborotlar bilan ta'minlash;

ilmiy-tadqiqot muassasalarining jahondagi reytingi yuqori bo‘lgan ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan izchil hamkorligini ta'minlash hamda ularning xalqaro standartlarga muvofiq yuqori ko‘rsatkichlarga erishishiga ko‘maklashish;

milliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining dunyodagi nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari qatoriga kirishi uchun zarur chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish.

Reytingni aniqlashga oid ma'lumotlar bazasini shakllantirish Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning birinchi choragida amalga oshiriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ma'lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida tegishli namunadagi jadvallar ishlab chiqiladi va reyting aniqlanayotgan yilning 20 dekabriga qadar tizimida ilmiy-tadqiqot muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga yetkaziladi.

Vazirliklar va idoralar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan reytingni aniqlashga oid ma'lumotlar asoslantiruvchi hujjatlari bilan birgalikda 1 fevralga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

Asoslantiruvchi hujjatlar qog‘oz yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkin. Asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, ma'lumotlar reytingni hisoblashda inobatga olinmaydi.

Reytingni aniqlashga oid ma'lumotlarning ishonchliligi, to‘liqligi va haqqoniyligini o‘rganish maqsadida Innovatsiya vazirligi tomonidan bir hafta muddatda manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislari, mustaqil ekspertlar hamda olimlardan iborat ishchi guruh tuziladi.

Ishchi guruh tomonidan taqdim etilgan reytingni aniqlashga oid ma'lumotlar joyiga chiqqan holda o‘rganiladi va 1 aprelga qadar tegishli dalolatnoma asosida ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbari imzosi bilan tasdiqlangan holda ma'lumotlar Innovatsiya vazirligiga taqdim etiladi.

Reytingni aniqlashga oid ma'lumotlar bazasini shakllantirish uchun:

ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlariga yo‘naltirilgan xorijiy grantlar va xorijiy jamg‘armalar mablag‘lari, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari buyurtmalari asosida o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar yoki xo‘jalik shartnomalari asosida olingan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma'lumotlar – ilmiy-tadqiqot muassasasi uchun yuqori turuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan;

fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) va fan doktori, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga hamda ilmiy darajaga ega bo‘lmay dotsent yoki professor ilmiy unvonlariga tasdiqlangan ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlari tomonidan himoya qilingan dissertatsiyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan;

ilmiy-tadqiqot muassasalari va ularda faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlarga tegishli ixtiro, foydali model, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari uchun olingan patentlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uchun dasturlar va ma'lumotlar bazalari uchun olingan guvohnomalar, mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan turli boshqa materiallar to‘g‘risidagi ma'lumotlar - O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

Ilmiy-tadqiqot muassasalarida tanlovlar asosida shakllantirilgan va davlat ilmiy-texnika dasturlariga kiritilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar hamda startap loyihalarga ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma'lumotlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan reytingni aniqlashga oid ma'lumotlar bazasiga kiritiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid