Yaqinda «O‘ztransgaz» AJga qarashli korxona tomonidan berilgan e'longa ko‘zim tushdi. Unda is gazidan zaharlanishning oldini olish uchun ayrim tavsiyalar berilgan. Jumladan, aholidan bir qator qo‘lbola pechlardan foydalanmaslik so‘ralgan. Ko‘p qavatli uylarda gaz plitadan uylarni isitish maqsadida foydalanmaslik, suyultirilgan gaz solingan maishiy ballonlardan uy ichida foydalanmaslik shular jumlasidan. Qolaversa, nostandart elektr isitish uskunalaridan foydalanish ham azaldan tavsiya etilmaydi.

Bir tomondan, bu kabi e'lonlarda mantiq bor, albatta. Axir deyarli har kuni qaysidir viloyatda is gazidan halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz haqida eshityapmiz. Ammo masalaning ikkinchi va og‘riqli tomoni ham bor: unda sovuq faslda uyni nima bilan isitish kerak?

Ko‘p qavatli uylardan boshlaymiz.

Qoida bo‘yicha ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar issiq suv (otopleniye) bilan isitiladi. Isitishning eng xavfsiz va standart usuli shu. Endi bu boradagi ahvolimizga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Shu yil 4 oktyabrda respublika prezidenti ishtirokida aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan ta'minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgandi. Yig‘ilishda bugungi kunda mavjud qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarining muayyan qismi eskirgani, ayrimlari foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgani, sohaga hozirgacha xorijiy investitsiyalar umuman jalb qilinmagani, mavjud imkoniyatlar yetarlicha ishga solinmagani aytib o‘tilgandi.

Yig‘ilishda aytilganidek, yillar davomida texnologik modernizatsiya ishlari amalga oshirilmagani uchun soha daromadining 85 foizi yoqilg‘i-energetikaga sarflanmoqda. Tarmoqdagi yo‘qotishlar 35–40 foizga yetgan. Energiya resurslari xarajati va to‘lovlardagi nomutanosiblik oqibatida kreditor va debitor qarzdorlik yuzaga kelmoqda.

Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, issiqlik manbai sohasi og‘ir ahvolga kelib bo‘lgan. Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 39 mingta ko‘p qavatli uy bo‘lsa ulardan 23 ming 800 tasini issiqlik bilan ta'minlash shart. Ammo ayni vaqtda 13 ming 900ta ko‘p qavatli uyga issiqlik berilyapti, xolos.

20 mingdan ortiq uy issiqliksiz qolib ketmoqda. Bu — tan olingan rasmiy ma'lumot. Sizningcha, hozir bu uylarda issiqlik nimaning evaziga ta'minlanyapti. Yuqorida aytilganidek, gaz plita bilan isitish mumkin emas, gaz ballondan foydalanish mumkin emas, o‘tin yo ko‘mir pechka o‘rnatish-ku umuman mumkin emas! (Axir, bu «dom»-ku?!)