Zamonaviy Xitoy tarixida ichki hujjatlar OAVga sizdirilishi bilan bog‘liq eng yirik voqealardan biri ro‘y berdi. The New York Times nashri Chin yurtida hukmron kommunistik partiyaga tegishli ekani aytilayotgan yashirin hujjatlarni e'lon qildi.

Jami 403 sahifadan iborat hujjatlar Xitoyning Shinjondagi siyosatiga yana bir bor jahon hamjamiyati diqqatini tortdi.

Kun.uz jahonning eng nufuzli gazetalaridan birida chiqqan insayder ma'lumotlarning bir qismi, bunga rasmiy Pekinning munosabati va mintaqadagi vaziyatga doir umumiy sharhni taqdim etadi.

Tayyorgarlik puxta – barcha savollarga javob hozirlangan

Semestr yakunida talabalar uylariga ketish uchun chipta buyurtirib qo‘yishgan, imtihonlardan keyin Xitoyning uzoq g‘arbiy mintaqasiga – oilalari bag‘riga qaytib, maroqli ta'til o‘tkazishni o‘ylab yurishgan edi.

Ammo ko‘p o‘tmay, ularga ota-onalari uyda emasligi, qarindosh-urug‘ va qo‘ni-qo‘shnilar ham yo‘qolib qolishganini aytishadi – ularning hammasi musulmon etnik ozchilikni tutqunlikda ushlab turish uchun qurilayotgan jamloqlarga olib ketilgandi.

Shinjon mintaqasi amaldorlari vaziyat porox to‘ldirilgan bochka misoli ekanidan xavfsirashgan, shu bois alohida tadorik ko‘rib qo‘yilgandi.

Markaziy hokimiyat mahalliy mutasaddilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilgan qo‘llanma tarqatib chiqadi. Yo‘riqnomada ta'til uchun uyiga qaytayotgan talabalarning savollariga qanday javob berish va ular ortiqcha muammo chiqarmay jim yurishlarini ta'minlash bo‘yicha batafsil tushuntirish berilgan edi.

Qo‘llanmadagi birinchi savol – «Oila a'zolarim qayerda?» Yo‘riqnomaga ko‘ra, bu savolning javobi quyidagicha boshlanadi: «Ular hukumat tomonidan tashkil etilgan qayta tayyorlash muassasasida...» Agar talaba tixirlik qilsa, unga yaqinlari jinoyatchi emasligi, lekin baribir bu «muassasa»ni tark eta olmasligini tushuntirish kerak bo‘lgan.

Savol-javob shaklidagi qo‘llanmada biroz tahdid ohangi ham yo‘q emas. Yo‘riqnomaga ko‘ra, talabalarga ularning xulq-atvori va o‘zini tutishi yaqinlarining «muassasa»da qolish vaqtini yo qisqartirishi, yo uzaytirishini aytib uqtirish lozim bo‘lgan.

«Ishonchim komil, sen ularni qo‘llab-quvvatlaysan. Chunki shunday qilsang, ularga ham, sening o‘zingga yaxshi bo‘ladi», deyish tavsiya etilgan mutasaddilarga.