O‘zbekiston | 14:11 / 28.11.2019
6015
3 daqiqa o‘qiladi

Rauf Salaxo‘jayev xususiy sektordagi ish beruvchilar uchun muhim bo‘lgan ko‘nikmalarni ma'lum qildi

Foto: KUN.UZ

Bugungi kunda O‘zbekiston xususiy sektoridagi ish beruvchilar nomzodlarda 3ta asosiy ko‘nikmani ko‘rishni istaydi. Bular - tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash, kommunikativ ko‘nikmalar. 

RePeC (Iqtisodiyot bo‘yicha tadqiqot maqolalari) talqiniga ko‘ra “Dunyoning yosh iqtisodchilari 100taligi” vakili, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, ERGO Research and Advisory tadqiqotlari bo‘yicha direktor Rauf Salaxo‘jayev 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Gender tenglik va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan forumda shu haqda ma'lum qildi.

Anjumanda “O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun yoshlarning real salohiyati” mavzusidagi chiqishi davomida ekspert iqtisodiy o‘sish bo‘yicha jahonda olib borilgan tadqiqotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Unga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishning 5ta asosiy qoidasi mavjud. Bular - samarali faoliyat yurituvchi institutlar, iqtisodiyotning jahon savdosi va investitsion oqimlarga globallashuvi, mamlakat geografiyasi, moliyaviy bozorlar va mahalliy moliya bozorlarining xalqaro moliya tizimiga integratsiyasi. Mazkur qoidalar orasida inson salohiyati birinchi o‘rinda turishi ta'kidlandi. 

“Inson salohiyati va inson kapitali dunyoning ko‘plab iqtisodiyotlariga turtki bergan iqtisodiy rivojlanish poydevoridir. Janubi-g‘arbiy Osiyo, Yevropa, AQSh va Avstraliyada xuddi shunday bo‘lgan”, - dedi Rauf Salaxo‘jayev.

Bevosita O‘zbekiston haqidagi ma'lumotlarga to‘xtalar ekan, u bu boradagi yuqori salohiyatni ta'kidlab o‘tdi.  

So‘zining davomida ekspert xususiy sektordagi ish beruvchilar uchun muhim 3ta asosiy ko‘nikmani ma'lum qildi:

“O‘zbekiston mehnat bozori bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotimiz shuni qayd etdiki, bugungi kunda xususiy sektor ish beruvchilari nomzodlarda ko‘rishni istagan ko‘nikmalar orasida eng asosiy uchtasi albatta “soft skills” (ya'ni moslashuvchan yoki yumshoq ko‘nikmalar) sanaladi. Bular – jamoada ishlash, kommunikativ ko‘nikmalar va birinchi navbatda tanqidiy fikrlash”, - deya Rauf Salaxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid