Iqtisodiyot | 20:50 / 02.12.2019
4428
3 daqiqa o‘qiladi

Masatsugu Asakava Osiyo taraqqiyot bankining yangi prezidenti etib saylandi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilari kengashi bir ovozdan Masatsugu Asakavani OTBning yangi prezidenti etib saylashdi.

Masatsugu Asakava 61 yoshda bo‘lib, hozirda Yaponiya Bosh vazirining va moliya vazirining maxsus maslahatchisi lavozimida ishlamoqda. U 2020 yil 17 yanvarda OTBning 10-prezidenti sifatida ish boshlaydi. U bu lavozimda Takexiko Nakao o‘rnini egallaydi. Janob Asakava prezident Nakaoning 2021 yil 23 noyabrgacha bo‘lgan hali tugamagan lavozim muddatini yakunlaydi.

«Janob Asakavaning xalqaro moliya va rivojlanish sohasidagi ulkan va xilma-xil tajribasi OTBning rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishish borasidagi maqsadlarini amalga oshirishda hissa qo‘shadi. OTB Boshqaruvchilari kengashi janob Asakava bilan birgalikda samarali ishlashga umid qilmoqdalar» - dedi Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri va OTB Boshqaruvchilari kengashi raisi janob Xong Nam-Ki.

Deyarli qirq yillik faoliyati davomida Masatsugu Asakava Yaponiya moliya vazirligida bir qator yuqori lavozimlarda, shu jumladan moliya vazirining tashqi ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan va rivojlanish siyosati, valuta bozorlari va xalqaro soliq siyosati bo‘yicha turli xil kasbiy tajribaga ega.

U 2019 yilda Yaponiyaning Osaka shahrida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida va Fukuoka shahrida bo‘lib o‘tgan G20 moliya vazirlari va markaziy bank boshqaruvchilarining yig‘ilishida moliya vazirining o‘rinbosari lavozimini egallagan. Bundan tashqari, global moliyaviy inqirozdan so‘ng bo‘lib o‘tgan G20 rahbarlarining birinchi sammitida u o‘sha paytdagi bosh vazir Taro Asoning ijrochi yordamchisi sifatida ishtirok etgan. Asakava 2011 yildan 2016 yilgacha Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti bilan, shu jumladan Fiskal masalalar bo‘yicha qo‘mita raisi sifatida yaqindan hamkorlik qildi.

Asakava 2012 yildan 2015 yilgacha Tokio universitetida va 2006 yildan 2009 yilgacha Saytama universitetida tashrif buyurgan professor sifatida ishlagan.

U 1981 yilda Tokio universitetida san'at bo‘yicha bakalavr va 1985 yilda Princeton universitetida magistr darajasini olgan.

OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa'y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. 2018 yilda OTB umumiy qiymati 21,6 mlrd. AQSh dollariga teng yangi qarzlar va grantlar ajratdi. OTB 1966 yilda tashkil topgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a'zolikka ega va ulardan 49tasi mintaqada joylashgan davlatlardir.

Mavzuga oid