O‘zbekiston Markaziy banki iqtisodiy vaziyatning asosiy ssenariysi va tashqi iqtisodiy xatarlarga asoslangan muqobil ssenariysini taqdim etdi.

Asosiy ssenariy

2020-2022 yillarda iqtisodiy vaziyatning kutilayotgan asosiy o‘zgarishlari sifatida iqtisodiy o‘sish joriy sur'atlarining saqlanib qolishi, olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning bosqichma-bosqich davom ettirilishi va jahon iqtisodiyotidagi umumiy o‘sish sur'atlarining biroz sekinlashuvi nazarda tutilmoqda.

Ushbu ssenariyga ko‘ra, YaIMning 2019 yil yakunlari bo‘yicha real o‘sishi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 5,6 foizni, 2020 yilda esa 5,2-5,5 foizni tashkil etishi, shuningdek, 2021-2020 yillarda 5,5-5,8 foizgacha tezlashishi prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, mazkur ssenariyda asosiy savdo hamkor davlatlarda iqtisodiy faollik bir oz pasayishdan so‘ng asta-sekin tiklanishi, ulardagi inflatsiya darajasi esa maqsadli ko‘rsatkichlar yaqinida bo‘lishi va milliy valutalarning AQSh dollariga nisbatan mo‘'tadil devalvatsiyasi asosiy makroiqtisodiy o‘zgarishlar sifatida qabul qilinmoqda.

Bunda, 2020-2022 yillar oxiriga qadar mamlakat importi o‘sish sur'atlarining tobora pasayib borish tendensiyasi bilan birga, tashqi savdo aylanmasining barqaror o‘sish sur'atlari saqlanib qoladi.

Jahon bozorlarida narxlarning qulay shakllanishi va eksportni kengaytirishga qaratilgan choralar natijasida mamlakatda tovar va xizmatlar eksport hajmining (oltinni hisobga olmaganda) yillik 10 foiz darajasida o‘sib borishi taxmin qilinmoqda. Bunda, asosiy eksport mahsulotlarning jahon bozorlaridagi narxlari kam o‘zgaruvchanlik bilan shakllanishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Xitoyda sanoat ishlab chiqarishining sekinlashishi tufayli gaz va mis narxlari pasayishi, AQSh Federal rezerv tizimi va Yevropa Markaziy bankining pul-kredit sharoitlarini «yumshatib» borishlari natijasida oltin narxlarining barqaror bo‘lishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, eksport tushumlari bo‘yicha o‘suvchan dinamikaning saqlanib qolishiga xizmat qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.

Tartibga solingan narxlar borasida asosiy ssenariyga ko‘ra yoqilg‘i-energetika mahsulotlari narxlarini tannarx darajasiga qadar erkinlashtirish jarayonlarining 2022 yilga qadar bosqichma-bosqich tugatilishi va bunda ushbu jarayonning inflatsiyaga ta'sirini imkon qadar minimallashtirgan holda amalga oshirishga alohida e'tibor qaratiladi.