Jamiyat | 18:09 / 04.12.2019
7878
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Belarus Davlat nazorati qo‘mitasi o‘rtasida memorandum imzolandi

3 dekabr kuni Davlat nazorati qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – Moliyaviy tergov departamenti direktori I.Marshalov boshchiligidagi Belarus Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tashrif buyurdi.

Belarus Respublikasi Moliyaviy tergov departamenti delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament boshlig‘i D.Raximov bilan ushrashuv davomida Departamentning iqtisodiy sohada davlat manfaatlarini ta'minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, korrupsiya, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohalaridagi ishlari hamda faoliyatining boshqa ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar idoralararo hamkorlikning huquqiy asosini yaratish va hamkorlikni kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Jumladan, iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish bilan bog‘liq vazifalarni samarali hal etish maqsadida faoliyatning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlarni tashkil etish, mavzuga doir tadqiqotlar o‘tkazish, tavsiya va takliflar ishlab chiqish muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Belarus Respublikasi Davlat nazorati qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

«Mazkur hujjat iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash yuzasidan samarali hamkorlikni amalga oshirish sohasida O‘zbekiston va Belarus davlatlari ikkitomonlama hamkorligining huquqiy asosini ta'minlaydi, axborot almashishni kuchaytiradi, shuningdek ikki idora faoliyatiga ijobiy turkti beradi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid