O‘zbekiston | 10:17 / 04.12.2019
4849
6 daqiqa o‘qiladi

Qator ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash davlat budjeti hisobiga amalga oshiriladi

Foto: KUN.UZ

Veterinariya va chorvachilik fanlari yo‘nalishida ilmiy-tadqiqotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab:

Veterinariya va chorvachilik fanlari yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek joriy xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Quyidagilar Veterinariya va chorvachilik fanlari yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlovlar natijalariga asosan Davlat ilmiy-texnika dasturlarini bajarish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyati hisobidan tushadigan mablag‘lar;

qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar.

Quyidagilar:

veterinariya biotexnologiyasi, gen injyeneriyasi, veterinariya immunologiyasi, hujayra kulturasi yo‘nalishlarida hamda kasalliklarga tashxis qo‘yishning zamonaviy tezkor usullarini yaratish borasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;

immuno-ferment tahlil, virusologik, mikrobiologik, serologik, immunologik, biokimyoviy, bakteriologik, molekulyar biologik tahlillar va boshqa yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borish;

qishloq xo‘jalik hayvonlari, parrandalar, baliqlar, quyonlar, asalarilar va uy hayvonlarining yuqumli, yuqumsiz va parazitar kasalliklarining diagnostikasi, profilaktikasi va davolashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish;

xorijiy va mamlakatimizdagi ilg‘or ilm-fan yutuqlaridan foydalanib, keng tarqalgan va iqtisodiy jihatdan muhim o‘rin tutadigan qishloq xo‘jalik hayvonlari, parrandalar, baliqlar va asalari kasalliklariga qarshi ekologik xavfsiz davolash-profilaktika dori-darmonlar va diagnostik preparatlarni yaratish;

yangi biopreparatlar va diagnostikumlar yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarida mikroorganizmlar shtammlari kolleksiyasidan samarali foydalanish, uni saqlash va yangi turdagi biologik mahsulotlar bilan doimiy ravishda boyitib borish hamda ular asosida yangi yuqori samarador import o‘rnini bosuvchi biologik preparatlar, boshqa farmatsevtik mahsulotlar, dori-darmonlar va boshqa vositalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish – Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining;

chorvachilik va parrandachilikda seleksiya yutuqlarini takomillashtirish, sun'iy urug‘lantirish texnikasi va usullarini takomillashtirish, chorva mollarining yangi zot va duragaylarini, ozuqabop ekinlarning birlamchi urug‘chiligini yaratish, chorva mollarini turlari bo‘yicha yangi ratsionlar ishlab chiqish va intensiv agrotexnologiyalar yaratish borasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;

zamonaviy texnologiyalar talablariga javob beradigan sutdor va go‘shtdor qoramollar, qo‘y-echkilar, parrandalar, otlar, quyonlar va asalarilarning yangi zotlari, tiplari, tizimlari va oilalarini yaratishdagi seleksiya va naslchilik ishlarining samarali usullarini ishlab chiqish, ozuqabop ekinlarning yangi nav va duragaylarini yaratish;

yangi resurstejamkor texnologiya va ilmiy yechimlar bo‘yicha qoramolchilik, qo‘ychilik, echkichilik, otchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik seleksiyasi, ularni asrash, parvarishlash, to‘la qiymatli oziqlantirishning ilmiy asoslangan me'yorlarini ishlab chiqish;

chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yanada jadallashtirish, ozuqa ekinlar hosildorligini oshirish, ularni tayyorlash, saqlash va mollarga berishga tayyorlash, ozuqa ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish – Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutining;

qorako‘l qo‘ylarini urchitish genetikasi, seleksiyasi, ratsional oziqlantirish, cho‘l ozuqabop o‘simliklari introduksiyasi, seleksiyasi, urug‘chiligi, urug‘shunosligi, yaylovlarni geo-botanik monitoring qilish hamda cho‘l yaylovlari hosildorligini oshirish, ulardan ratsional foydalanishning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish borasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqotlar olib borish;

qorako‘l qo‘ylarini seleksiyalash, urchitish, oziqlantirish va asrash, ularning mahsuldorligini oshirishni ta'minlovchi usul, model va texnologiyalarni ishlab chiqish, cho‘l yaylovlaridan ratsional foydalanish, yuqori mahsuldor o‘simlik navlarini yaratish, cho‘l ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish va cho‘lda ozuqa yetishtirish texnologiyalarini yaratish;

seleksiya va naslchilik ishlarini yaxshilash, zotni va uning tarkibidagi mahsuldor zavod tiplari va liniyalarni takomillashtirish, yuqori sifatli qora va rangli terilarini ishlab chiqarish imkonini beruvchi yangi zavod tiplarini va liniyalarini yaratish;

cho‘l ekologiyasini o‘rganish va saqlash, yaylovlarni geo-botanik monitoring qilish, yaylovlar hosildorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish texnologiyalarini yaratish, qurg‘oqchilikka bardoshli, serhosil cho‘l ozuqabop o‘simliklari navlarini yaratish, cho‘l sharoitida yem-xashak ishlab chiqarish va ularni qayta ishlash, qorako‘l qo‘ylarini ratsional oziqlantirish va suv manbalaridan unumli foydalanish texnologiyalarini yanada takomillashtirish Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid