O‘zbekiston | 21:16 / 04.12.2019
6251
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning uchta tumanida issiqlik ta'minotida uzilishlar yuzaga keldi

Toshkent shahar hokimligi Issiqlik ta'minoti quvurlari yorilgani sababli Toshkentning 3 ta tumanida issiqlik ta'minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida xabar berdi.

4 dekabr kuni soat 16.30da Toshkent shahar Shayxontohur tumanining Beltepa mavzesida 400 diametrli issiqlik quvurlarida avariya sodir bo‘ldi. Natijada tumanning ayrim hududlarda issiqlik energiyasini uzatish vaqtincha to‘xtatilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, mavjud issiqlik quvuri muddatini o‘tab bo‘lganligi sababli yuzaga kelgan vaziyat ayni vaqtda bartaraf etilmoqda va quvurning nosoz qismi yangisiga almashtirilmoqda. Hokimlikning qayd etishicha, 4 dekabr kuni kech soat 22:00 da mazkur hududdagi aholi xonadonlari yana issiqlik tizimiga ulanadi.

Shuningdek, 4 dekabr kuni soat 17:00da Toshkent viloyati «Nazarbek» QFY hududida joylashgan 9-sonli qozonxonaning 800 diametrli quvurida uzilish yuzaga kelgan. Natijada Uchtepa va Chilonzor tumanlarining ayrim hududlarida issiqlik ta'minotida vaqtincha uzilish kuzatilmoqda.

Ayni paytda muammo bartaraf etilmoqda va 5 dekabr soat 05:00ga qadar ta'mirlash ishlari o‘z yakuniga yetkaziladi hamda soat 07:00da aholi xonadonlari yana issiqlik tizimiga ulanadi.

«Mazkur uzilishlarni tezkorlik bilan bartaraf etishga zarur miqdordagi texnika va mutaxassislar jalb etilgan.

Hurmatli hamshaxarlar, Sizlardan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz!», deyiladi hokimlik xabarida.

Bundan avvalroq Beltepada suv quvuri yorilib ketgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid