Jahon | 00:05 / 05.12.2019
33962
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya AQShni katta ko‘lamli urushdan ogohlantirdi

Foto: Reuters

Pxenyan AQSh prezidenti Donald Trampning AQSh Shimoliy Koreyaga qarshi qurolli kuchlarni qo‘llashi mumkinligi haqidagi so‘zlariga javob qaytardi. Shimoliy Koreya Vashington bilan yarashuv juda mo‘rtligi hamda istalgan vaqtda barbod bo‘lishi va katta ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bunday bayonot bilan Shimoliy Koreya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Pak Xyon Chxon chiqdi.  

“Shimoliy Koreya va AQSh texnik jihatdan urush holatidadir va yarashuv istalgan vaqtda har qanday tasodif bilan katta ko‘lamli qurolli ixtilofga aylanib ketishi mumkin”, deb aytgan Pak Xyon Chxon. Uning ta'kidlashicha, Shimoliy Koreyaga qarshi qurolli kuchlarni qo‘llash “AQSh uchun dahshatga aylanadi”.

Tramp NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan Londondagi sammit arafasida uchrashganda AQSh zarurat yuzaga kelsa, Shimoliy Koreyaga qarshi qurol qo‘llashga tayyorligini aytgan.

“Men Kim Chen In bilan yaxshi munosabatdaman. Ehtimol, boshqa yetakchilardan ham yaxshiroq. Biroq bu zarurat yuzaga kelsa, AQShning Shimoliy Koreyaga qarshi qurol qo‘llashiga xalaqit qilmaydi”, deb aytgan AQSh prezidenti. 

Avvalroq Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ri Txe Son Pxenyan Vashingtonga “Shimoliy Koreya bilan munosabatlarda yangi yondashuv”ni ishlab chiqishi va namoyish qilishi uchun bergan muhlat poyoniga yetayotganini eslatib qo‘ygan. “Endi ular [AQSh] Rojdestvoga qanday sovg‘a olishlari AQShning o‘ziga bog‘liq”, deb aytgan Ri Txe Son.

Mavzuga oid