Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbariyati o‘zbek harbiylarining “Xalqaro kecha” madaniy tadbiridagi faolligini yuqori baholadi
5 dekabr kuni AQSh Harbiy havo kuchlari “MakDill” aviabazasida (Tampa shahri, Florida shtati) AQSh Markaziy qo‘mondonligida hamkorlik faoliyatini yuritayotgan ellikdan ortiq davlat ishtirokida “Xalqaro kecha” nomli tantanali madaniy tadbir tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Tadbirda ushbu davlatlarning madaniyati, urf-odatlari, milliy liboslari va taomlari namoyishidan dunyoning barcha qit'alaridan tashrif buyurgan uch mingdan ortiq mehmonlar bahramand bo‘lishdi.
O‘zbekiston Respublikasining AQSh Markaziy qo‘mondonligidagi vakillari podpolkovnik U. Ahmedov va mayor E. Aliyev o‘z oilalari bilan birgalikda yuqori ishtiyoq va tashabbus ko‘rsatib, o‘zbek madaniyati va milliy qadriyatlarini taqdim etishdi. Xususan, so‘zana namunalari, milliy liboslardan atlas, adras, baxmal (duxoba), do‘ppi, salla, to‘n hamda milliy ranglar bilan bezatilgan choynak, lagan, kosa va piyolalar namoyish etildi.


O‘zbekiston harbiy vakillari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar, jumladan, osh, no‘xat sho‘rva, xasip, do‘lma, manti, shashlik, xonim, lag‘mon, somsa, chak-chak, qatlama, non, ko‘k choy, ayron va o‘rik sharbati barcha mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.
Ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan milliy liboslar kiygan hamyurtlarimizning ishtiroki tadbirga yanada o‘zgacha bayramona shukuh bag‘ishladi. Vatandoshlarimiz, ona yurtimizni chet elda bu kabi yuqori miqiyosdagi millatlararo tadbirlarda namoyish etilishi, shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan davlatimizga berilgan yuqori baho O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga munosib sovg‘a ekanini ta'kidlashdi.


“Jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” harbiy medali eskizining muallifi mayor E. Aliyevning nafaqat O‘zbekistonni, balki butun Markaziy Osiyoni ifodalaydigan va keng ma'noda urf-odatlari va qadriyatlarini ochib beradigan asari o‘zbek ekspozitsiyasiga yanada rang-baranglik tuhfa etdi.
O‘zbek harbiylarining tadbir doirasidagi faolligi AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbariyati tomonidan yuqori baholandi.