Jamiyat | 20:35 / 13.12.2019
4661
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori ijrosini kechiktirgan davlat organlari xodimlari ma'muriy javobgarlikka tortilgani aytildi

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi 698-son qarori bilan 2019 yilning 1 noyabridan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish uchun ariza yuborish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi belgilangan edi. Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayrim tashkilotlarning mas'uliyatsizligi oqibatida qaror ijrosi kechikkan.

«Hukumat qarori bilan mas'ul tashkilotlarga tegishli tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanish vazifasi yuklatilgan edi. Biroq, ayrim texnik sabablarga ko‘ra ushbu tashkilotlar davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar bazasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulashga ulgurishmagan.

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan belgilangan xizmatlar vaqtida joriy etilmagani sababli Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, «Hududgazta'minot» aksiyadorlik jamiyati va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining mas'ul xodimlari MJtKning 215(5)-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortildi», deydi Sevara Zokirova.

Agentlik matbuot kotibining xabar berishicha, hozirgi vaqtga kelib, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha xizmatlardan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalar belgilangan tartibda qabul qilinmoqda.

 

Mavzuga oid