Jamiyat | 17:00 / 13.12.2019
45912
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Sirdaryoda O‘zbekistondagi yana bir yirik korxonaga tamal toshi qo‘yildi

Sirdaryo viloyatida «Bekzodsher» birlashmasining gazobeton bloklari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasiga tamal toshi qo‘yildi.

Tadbirda AT «Mikrokreditbank» boshqaruvi raisi Murodilla Eshmatov, Sirdaryo tumani hokimi Alijon Muhammadiyev, Turkiya va gollandiyalik hamkor kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.

Korxonada Gollandiyaning «Aircrete Europe» kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladigan zamonaviy texnologiyalar asosida gazobeton bloklari ishlab chiqariladi.

Loyiha 2021 yilgacha qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, qiymati 15 million yevroni tashkil etadi. Unda yiliga 500 ming kub metr gazoblok mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Korxonada 50 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi va yiliga 30 million AQSh dollariga teng import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqariladi. Loyiha AT «Mikrokreditbank» ko‘magi bilan bank krediti hisobiga amalga oshirilmoqda.

«Prezidentimizning qurilish materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari va ichki bozordagi talabdan kelib chiqib, ushbu loyihani amalga oshirdik. Bu korxona yurtimizda jadal sur'atlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga o‘z hissasini qo‘shadi.

Keyingi yillardan boshlab qo‘shni davlatlarga eksportni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Hozirda Tojikiston va qozog‘istonlik tadbirkorlar bilan bu bo‘yicha kelishuv ishlarini olib boryapmiz. Bundan tashqari, yana bir nechta yirik loyihalar ustida ishlayapmiz», – deydi «Bekzodsher» birlashmasi direktori Sherzod Vafoyev.

Shuningdek, tadbir davomida «Bekzodsher» birlashmasiga qarashli, hozirda o‘z faoliyatini boshlagan umumiy qiymati 3 million AQSh dollariga teng quruq qurilish aralashmalari ishlab chiqarish korxonasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Korxona yiliga 66 ming tonna 52 xil turdagi quruq qurilish aralashmalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarish liniyasi Turkiyaning «OSK» kompaniyasi tomonidan yetkazib berildi. Ishlab chiqariladigan mahsulotning 40 foizi eksport qilinadi. Hozirda 35 nafar ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, keyinchalik bu ko‘rsatkich o‘sib borishi rejalashtirilgan.

«Bekzodsher» birlashmasi AT «Mikrokreditbank» bilan hamkorlikni yanada rivojlantirib, kelgusida yangidan yangi loyihalarni amalga oshirish niyatida.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid