O‘zbekiston | 19:58 / 16.12.2019
3887
5 daqiqa o‘qiladi

«Bangladeshliklar O‘zbekistondan minnatdor» - Toshkentdagi elchixonada Bangladesh mustaqillik kuni nishonlandi

Bugun, 16 dekabr kuni Bangladeshning Toshkentdagi elchixonasida bangladeshliklarning mustaqilligi kunining 48 yilligi tantanali ravishda nishonlandi. Bangladesh davlat bayrog‘ini ko‘tarilib, davlat madhiyasi yangradi. 

Tadbirda Toshkentda istiqomat qilayotgan bangladeshliklar, shuningdek, diplomatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, madaniyat arboblari va elchixona xodimlari ishtirok etishdi.

Bangladeshning mustaqillikka erishish uchun bosib o‘tgan qonli yo‘li va unda shayx Mujibur Rahmonning qo‘shgan hissasi haqida «Bizning Bangabandhu» hujjatli filmi namoyish etildi. Bangladeshning O‘zbekistondagi elchisi Mossoud Mannan yig‘ilganlarga Bangladesh davlat rahbarlarining maktublarini o‘qib eshittirdi. 

So‘zga chiqqanlar Bangabandhuning Bangladesh mustaqilligiga erishishdagi roli va 1971 yil ozodlik urushi paytida Bangladesh xalqining qurbonliklari haqida hikoya qilishdi. 

«Mujibur Rahmondan oldin ham o‘tgan asrlarda bir qancha liderlar mustaqillik uchun harakat qilishgan. Biroq ularning harakatlari keng omma tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmagani, o‘ta yaxshi rejalashtirilmagani uchun muvaffaqiyatli tugamagan. 

Lekin istiqlol harakatlari osonlikcha kechmagan. 1971 yil martidan dekabrigacha 9 oy davomida qariyb 9 million kishi halok bo‘lgan, qanchadan-qancha odam jarohatlangan. Qanchalab oila boquvchisini yo‘qotgan», deydi Mosud Mannan.

O‘zbekistonlik shoira Begoyim Xolbekova Rabindranat Tagor tomonidan yozilgan Bangladesh davlat madhiyasining tarjimasini o‘zbek va ingliz tillarida o‘qib berdi.

Elchixonada «Bangladeshda o‘tkazilgan genotsid va 1971 yilda Bangabandu rahbariyati» mavzusida maxsus fotosuratlar ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi. 

Tadbirdan so‘ng elchi Mosud Mannan Kun.uz muxbiriga ikki davlatning o‘zaro do‘stligi tarixi, bugungi hamkorligi haqida fikrlarini bildirdi.

«Bangladesh xalqi O‘zbekistondan minnatdor»

«Bangladesh uchun 16 dekabr juda muhim kun sanaladi. Chunki 1971 yil ayni shu sanada Mujibur Rahmon boshchiligida davlatimiz istiqlolga erishgan. Bu so‘zning bir millat uchun qanchalik ahamiyatli ekanini esa tushunish qiyin emas. 

Hindiston, sobiq sovet davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, sharqiy Yevropaning ayrim davlatlari ko‘rsatgan do‘stona yordam uchun Bangladesh xalqi hamisha minnatdor. 

Davlatingizni doim bizga do‘st davlatlar qatoriga qo‘shishimizning sababi bizga mustaqillikdan keyin berilgan ko‘mak bo‘lgan. 

Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbeklar qiyin holatda bo‘lsa-da, bolalarni asrab olgan, odamlarga uyidan joy bergan. Xalqingizning bu fazilati 1971 yilda Bangladesh misolida yana bir bor ko‘rindi. 

Kelayotgan 2020 yilda ham hamkorligimizni mustahkamlagan holda biznes, turizm, ta'lim, madaniyatlararo munosabatlar almashinuvi kabi harakatlarimizni davom ettiramiz va dunyoning yanada tinch bo‘lishi uchun o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddaman», dedi elchi.

«Dakka shahri boburiy Jahongir Mirzo hukmronligi davrida qurilgan»

Elchi, shuningdek, Bangladeshdagi Boburiylar sulolasi davrida qurilgan me'moriy obektlar haqida gapirib berdi. 

«Bangladeshda Boburiylar sulolasi tarixiy merosi juda ko‘p. Masalan, hozirgi poytaxt Dakka shahri bevosita shu sulola hukmronligi davomida qurilgan. Bu sulola vakili Jahongir Mirzo hukmronligi davriga to‘g‘ri keladi. 

Birgina Dakka shahrining o‘zida Boburiylar sulolasi davriga tegishli juda ko‘p tarixiy binolar, masjidlar va madrasalar mavjud. 

Bundan tashqari, Dakkaning old tarafida Jahongir Mirzo va undan keyingi boburiy hukmdorlarga tegishli Lalbagh forti (qal'a) mavjud. Bu tarixiy obida Dakka uchun juda qadrli sanaladi. 

Shuningdek, Bangladeshda markaziy osiyolik quruvchilar tomonidan qurilgan, ularning naqshi tushirilgan ko‘priklar, binolar juda ko‘p», deydi elchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid