Bundan bir necha kun avval Scopus statistikasi bo‘yicha yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik yetakchi olimlar «Scopus award - 2019» mukofoti bilan taqdirlangan edi. Kun.uz tahririyati ushbu marosimda «Women in Science» mukofotiga loyiq ko‘rilgan olima, Biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Dilbar Dolimova bilan suhbat uyushtirdi.

Dilbar Dolimova Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi biotexnologiya laboratoriya mudiri hisoblanadi. Suhbat davomida olima ilmiy faoliyati, e'tirofga sazovor bo‘lgan tadqiqot ishlari, shuningdek, ilm-fan yo‘lida qilinayotgan yaxshi o‘zgarishlar bilan bir qatorda, ba'zi nuqson va kamchiliklar haqida ham aytib o‘tdi.

Nufuzli mukofot bilan taqdirlanishingizga olib kelgan tadqiqotingiz nima haqda bo‘ldi?

— Bu olgan mukofotim bir necha yildan beri olib borayotgan ilmiy tadqiqotimiz natijasi hisoblanadi. Buning natijasi o‘laroq, Turdiqulova Shahlo bilan birgalikda juda yuqori reytingga ega bo‘lgan Nature kabi ilmiy jurnallarda maqolalar e'lon qildik.

2009 yilda boshlangan bu ish ko‘p yillik mehnat samarasi bo‘ldi. Bu katta masshtabdagi loyiha desam bo‘ladi. Ya'ni, dunyo bo‘ylab 40ga yaqin davlatda odamlarning qon analizi orqali genetik shajarasi o‘rganildi. Masalan, Ukraina, Belarus, Gruziya va hokazo.

Tarixdan bilamizki, hududimiz orqali qadimda Buyuk ipak yo‘li o‘tgan, qolaversa, urush va bosqinlar ko‘p bo‘lgan. Tabiiyki, shuning hisobiga xalqimiz qonida ko‘p aralashuv bo‘lgan. Biz loyiha doirasida o‘zbeklarni va O‘zbekistonda yashaydigan turkmanlarni o‘rgandik hamda tahlil qildik. Qayerdan qayerga qarab genetik xilma-xillik ko‘chgan, biz kimga yaqinroqmiz yoki uzoqmiz — shu kabi savollarga javob topishga harakat qildik.

— Tadqiqotda eksperiment sifatidagi ishtirokchilarni qanday tanlab olgansiz?

— Biz tadqiqot uchun biologik material – qon yig‘dik. Albatta, bu ularning roziligi va anketa to‘lishi bilan amalga oshdi. Hozircha faqat Toshkentda yashaydigan, millati o‘zbek bo‘lgan erkaklardan qon yig‘ildi. Chunki «u»