O‘zbekiston saylovlar ostonasida turibdi. Har bir kun, har daqiqa bizni bu muhim siyosiy jarayonga yaqinlashtirmoqda. Biz Markaziy saylov komissiyasi a'zosi, yuridik fanlari doktori Gulnoza Ismoilova bilan suhbatda bo‘ldik.

– Gulnoza opa, “Yangi O‘zbekiston –  yangi saylovlar!”, bu shior biz uchun nimani anglatadi?

– O‘zbekiston chindan yangilandi. So‘nggi yillardagi islohotlar samarasiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Mana shu yangi davrdagi ilk saylovlarimiz albatta katta qiziqishga sabab bo‘ldi va ko‘plab xorijiy davlatlar o‘z kuzatuvchilarini bizga yubormoqdalar. Bu shiorning tug‘ilishi ham bejizga emas. Yangi saylov kodeksini qabul qildik, unda qator ijobiy o‘zgarishlar, yangiliklar o‘rin olgan. Umid qilamizki, joylarda saylov jarayoni va ovoz berish kuni qonunlarimizga muvofiq, uyushqoqlik bilan o‘tkaziladi.

– Xorijiy kuzatuvchilar haqida gapirdingiz, ularning soni necha nafarga yetdi va yana qanchasini kutyapmiz?

– Bugungi kunga qadar (suhbat 16 dekabr kuni yozib olingan. Tahr.) 180 dan ortiq xorijiy kuzatuvchiga MSK tomonidan akkreditatsiya berildi. Ular uzoq va qisqa muddatli kuzatuvchilar, yana aynan saylov kunlariga yaqin  500-600* nafar kuzatuvchini kutyapmiz. Ular orasida turli davlatlar, yirik tashkilotlar, turli ittifoqlar vakillari mavjud. Har qanday davlat o‘z kuzatuvchisini yubormoqchi bo‘lsa, tegishli tartibda murojaat qilishi va hujjatlarini topshirib, ruxsatnoma olishi mumkin. Kuzatuvchilarning kelib-ketish va O‘zbekistonda bo‘lish xarajatlari o‘z davlatlari yoki ularni yo‘llagan tashkilotlari hisobidan qoplanadi. Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar, jumladan YeXHT demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi, YeX HT Parlament Assambleyasi, MDH, ShHT va boshqa xalqaro kuzatuvchilar missiyalari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan.

– Kuzatuvchilarning vakolatlari qay darajada?

– Biz xalqaro kuzatuvchilar bilan birga mahalliy kuzatuvchilarimiz ham ish olib borishlarini e'tiborga olishimiz kerak. Mahalliy kuzatuvchilar qatorida avvallari faqat siyosiy partiya kuzatuvchilari ishtirok etgan bo‘lsa, Saylov kodeksida o‘z aksini topgan yangilik - fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining ishtiroki ham juda muhim. Kuzatuvchilarning vakolatlari juda ham keng. Ular saylov jarayonining barcha bosqichlarida, jumladan saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini kuzatish, ovoz berish jarayonida hamda byulletenlarni sanash, natijalarni hisoblash jarayonlarida ham ishtirok etishlari mumkin.