O‘zbekiston | 18:57 / 19.12.2019
3755
3 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev saylovni kuzatish uchun kelgan Georgiy Kvirikashvili va Kerolin Lemm bilan uchrashdi

19 dekabr kuni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev saylovlarni kuzatish uchun kelgan xorijlik mehmonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Safoyev avvaliga Gruziya sobiq bosh vaziri, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekiston xorijiy investorlar kengashi bo‘yicha konsultanti Georgiy Kvirikashvili bilan muloqotda bo‘ldi.

«Oxirgi bir yil ichida O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan katta o‘zgarishlardan xabarim bor. 3 yil oldin biz prezident Mirziyoyev bilan mamlakatni yangi davr xalqaro hamkorlik uchun ochishni muhokama qilgandik. Natijalar esa ko‘zga tashlanyapti: yangi O‘zbekiston – yangi siyosat ruhi sezilyapti», – dedi Kvirikashvili.

Gruziyalik siyosatchi O‘zbekistonni The Economist nashri tomonidan «Yil  mamlakati» deb topilgani bilan tabrikladi.

«Mamlakatning har bir sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklarning e'tirof etilayotgani va mazkur nomga munosib ko‘rilgani O‘zbekiston uchun katta yutuq», – deya qayd etdi Georgiy Kvirikashvili.

Shundan so‘ng «White and case» xalqaro yuridik firmasi huquqshunosi, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Safoyev mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan saylov va saylovoldi jarayonlarda OAV va blogerlarning faolligi aholida ahamiyat kasb etayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Bugungi kun o‘zbek mediasi: jurnalistlari va blogerlari mavzularni yoritishga juda progressiv harakat qilishyapti», – deya qayd etdi senator.

Shuningdek, Sodiq Safoyev joriy yilgi parlament saylovlarida ayol nomzodlarning ko‘pligiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Muddati tugayotgan parlamentdagi deputatlarning 16 foizini ayollar tashkil qilsa, joriy yilgi saylovga nomzodlarning 41 foizini xotin-qizlar tashkil qilishi ham joriy yilgi saylovlarga xos ijobiy jihat.

Umid qilamizki, bu yilgi saylovlar mamlakatni isloh qilishda professional va faol tarzda o‘tishi bilan ahamiyatga ega bo‘ladi», – dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

Mavzuga oid