Jahon | 19:31 / 22.12.2019
8667
2 daqiqa o‘qiladi

Emmanuel Makron prezident pensiyasidan voz kechdi

Foto: Getty Images

21 dekabrda 42 yoshini qarshilagan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fransiyada pensiya islohotiga qarshi o‘tayotgan noroziliklar ortida prezident sifatida unga belgilangan bo‘lg‘usi pensiyasidan voz kechdi. Bu haqda Fransiya ommaviy axborot vositalari xabar berdi.  

“U o‘z vakolati yakunlangandan keyin qonunda belgilangan pensiyani olmaydi, chunki bu sohadagi qonun standartlashtirilishi kerak. Biz saylangan shaxslar o‘rnak bo‘ladigan davrda yashamoqdamiz”, deb aytilgan prezident devonxonasida.

1955 yilgi qonunga ko‘ra, sobiq prezidentlar oyiga 6220 yevro miqdorida umrbod dotatsiya oladilar.

Makron, shuningdek, kelajakda Fransiya konstitutsiyaviy kengashiga a'zo bo‘lmaslikka qaror qildi. Mamlakatning sobiq prezidentlari ushbu kengashning umrbod a'zolari hisoblanishadi va oyiga 13,5 ming yevrodan haq olishadi.  

Fransiyada pensiya islohotlari loyihasiga qarshi namoyishlar dekabr boshidan beri davom etmoqda. Ular hukumat ba'zi yon bosishlarga borganidan keyin ham to‘xtamagan. Jumladan, pensiyaga chiqish yoshini 62 yoshdan 64 yoshga 2027 yildagina oshirishga qaror qilingan. 

Mavzuga oid