O‘zbekiston | 09:05 / 22.12.2019
8812
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda parlament saylovlari boshlandi

Bugun, 22 dekabr kuni ertalab soat 08:00da O‘zbekistonning barcha hududlarida saylov uchastkalari ochildi. Saylovda 20,5 milliondan ortiq saylovchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun ovoz berishi mumkin.

Saylov uchastkalari va saylov okruglarida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi, komissiya a'zolari, deputatlikka nomzodlarning kuzatuvchilari, xolislar guvohligida saylov qutilari muhri ochildi. 

Saylovlarda ovoz berishda ishtirok etadigan saylovchilar quyidagilarni bilishi lozim:

  •  ovoz berish ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 ga qadar davom etadi;
  •  saylovchida fuqarolik pasporti yoki yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi lozim;
  •  qaysi saylov uchastkasida ovoz berish haqida ma'lumotga ega bo‘lmasangiz mazkur manzilga kirib, tug‘ilgan sana va pasport raqamini kiritgan holda ertaga ovoz beradigan saylov uchastkangizni aniqlab oling;
  •  saylov byulletenini yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchining yolg‘iz o‘zi to‘ldirishi shart;
  •  ovoz berish tanlangan nomzodning familiyasi to‘g‘risida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «➕» yoki «✔️» yoxud «✖️» belgisini qo‘yish lozim;
  •  saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli;
  •  ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi;
  •  buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin.

Qo‘shimcha savollar, e'tiroz yoki shikoyatlar bo‘lsa Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazining muntazam ishlab turgan umumrespublika 1197 telefon raqamiga bepul qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Saylovlarda ishtirok eting, o‘z kelajagingiz uchun befarq bo‘lmang!

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati ma'lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning 10 million 147 ming 772 nafari erkak, 10 million 355 ming 690 nafari ayol; 2 million nafar ilk bor saylovda qatnashib, ovoz berish huquqidan birinchi marta foydalanishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, saylovchilarning 1 million 721 ming 358 nafari yoki 8,4 foizi xorijiy davlatlarda tuzilgan 55 saylov uchastkasiga biriktirilgan. Qolgan qismi O‘zbekiston hududidagi 10 ming 260 saylov uchastkasidan birida ovoz beradi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida 12 dekabrdan 18 dekabr soat 18:00 ga qadar saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston bo‘yicha 59 ming 226 saylovchi hamda xorijiy davlatlarda 89 ming 807 saylovchi-vatandoshlarimiz muddatidan oldin ovoz bergan.

Bu yilgi saylovlarda har bir uchastkada ko‘zi ojiz fuqarolar uchun birinchi marta brayl yozuvidagi byulletenlarda ovoz berish tashkil etilayotir. Shu bilan birga, hududlarda ro‘yxatga olingan yoshi ulug‘ insonlar, nogironlar va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga uy sharoitida ovoz berish imkoniyati yaratilgan.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan jami 825 xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan va ularga mandatlar topshirildi. Ular 9 xalqaro tashkilot va 41 xorijiy davlat vakillaridir.

Mavzuga oid