O‘zbekiston | 22:15 / 26.12.2019
25367
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Uzcard tizimi yana ishlamay qoldi 

26 dekabrda Uzcard tizimi ishida yana uzilish kuzatildi. 

Foto: Uzcard

Payme kompaniyasida ta'kidlanishicha, «Yagona umumrespublika protsessing markazi texnik va profilaktik ishlar olib borilayotgani sababli tizimning ba'zi xizmatlaridan foydalanish cheklanishi mumkinligini xabar qilgan».

Ba'zi tijorat banklari ham mijozlarga ogohlantirish jo‘natgan. Jumladan, «Ipak Yo‘li banki»da bu holat «Uzcard hamkori bilan aloqa yo‘qligi bilan bog‘liqligi» qayd qilib o‘tilgan.

«Yagona umumrespublika protsessing markazi ayni vaqtda to‘lov shlyuzi va uning hamkori o‘rtasida aloqa yo‘qligidan ogohlantiradi. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyilgan bank xabarida.

6 dekabrda ham butun respublika bo‘ylab 2 soat davomida PayMe va Click xizmatlaridan foydalanib bo‘lmagandi.

O‘shanda Uzcard kompaniyasi matbuot xizmatida ushbu holat to‘lov tizimi ishi bilan bog‘lanmagani ma'lum qilingan.

«Uzcard’ning barcha xizmatlari odatdagi tartibda ishlagan. Hamkor kompaniyaning «MyUzcard» dasturi muammolarsiz ishlagan va undan operatsiyalarni amalga oshirish hamda hisob bo‘yicha ma'lumotni olish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan», deb ma'lum qilingan o‘shanda Uzcard ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, Uzcard milliy to‘lov tizimidagi nosozlik oqibatida 2018 yil 15 sentyabrda uch kun davomida onlayn to‘lovlar, bank o‘tkazmalari va boshqa xizmatlar ishlamagan. Aholining plastik kartalar orqali to‘lovni amalga oshirishi va bankomatlardan pul yechishining ham iloji bo‘lmagandi. Keyinchalik uch kun ichida budjetga 27—30 milliard so‘m kelib tushmagani ma'lum qilingan.

Mavzuga oid