Jahon | 00:05 / 29.12.2019
2567
2 daqiqa o‘qiladi

Somali prezidenti «Ash-Shabob» guruhini Mogadishodagi teraktga aloqadorlikda aybladi

Somali prezidenti Muhammad Abdullohi Muhammad "Ash-Shabob" guruhini poytaxt Mogadishoda sodir etilgan teraktga aloqadorlikda aybladi.

"Bugun mamlakat uchun qayg‘uli kun. Lekin "Ash-Shabob" Somali xalqining tiklanishini sekinlashtira yoki to‘xtata olmaydi. Somali hukumati va xalqi terrorga qarshi birgalikda kurashishda davom etadi", deb yozdi u o‘zining Twitter sahifasida.

Shanba kuni Somalida mina o‘rnatilgan yuk mashinasi hudkush terrorchi tomonidan portlatildi. Terrorchi mashinani yo‘l uchun to‘lov olinadigan va hujjatlar rasmiylashtiriladigan ofis binosiga olib kelib urgan.  

Reuters agentligining xabariga ko‘ra, kamida 90 kishi halok bo‘lgan, yana shuncha odam jarohatlangan. 

Terrorchilik harakati uchun javobgarlikni hozircha hech bir terrorchi guruh o‘z zimmasiga olmadi. 

Somalida "Ash-Shabob" guruhi 2004 yilda tashkil etilgan. Guruh jangarilari 2008 yildan buyon teraktlar sodir etib keladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid