Jahon | 20:27 / 31.12.2019
9499
1 daqiqa o‘qiladi

Angola sudi Afrikaning eng badavlat ayoli boyliklariga taqiq qo‘ydi

Foto: Reuters

Angola sudi mamlakat sobiq prezidenti Joze Eduardu dush Santushning qizi – 2,3 mlrd dollar boylikka ega 46 yoshli Izabel dush Santushning aktivlari va bankdagi hisobraqamlariga taqiq qo‘ydi.

Xususan, dush Santushning Unitel telekommunikatsiya kompaniyasi va Fomento Angola bankidagi ulushlariga taqiq qo‘yildi. 

BBC News xabar berishicha, bu korrupsiyaga qarshi tergov ishlari bilan bog‘liq. Amaldagi prezident Juan Lorensuning ma'muriyati dush Santushga tegishli 1 mlrd dollarni qaytarib olishga urinmoqda. Hukumatning fikricha, u bu boylikka noqonuniy ravishda erishgan.

Forbes jurnalining yozishicha, dush Santush Afrikadagi milliarderlar reytingida sakkizinchi, eng badavlat ayollari reytingida esa birinchi o‘rinda turadi. Uning otasi 1979 yildan 2017 yilgacha Angolaga prezidentlik qilgan.

Mavzuga oid