Jamiyat | 08:18 / 04.01.2020
21966
2 daqiqa o‘qiladi

YPX inspektorining yuziga musht tushirgan haydovchi IIBga topshirildi

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

2019 yil 31 dekabr kuni soat 23:00larda, Jizzax viloyati Jizzax shahar I.Karimov ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori katta tezlikda harakatlanayotgan haydovchi, Jizzax shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan B.B. boshqaruvidagi “Captiva” rusumli avtomobilini to‘xtatgan. 

IIV YHXBB axborot xizmatiga ko‘ra, u haydovchining avtomobilni mast holda boshqarayotganligini gumon qilib, uni narkologiya dispanseriga olib borgan va o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasida haydovchining mastligi tasdiqlangandan so‘ng ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtida, haydovchi YPX inspektoriga faol qarshilik ko‘rsatib, haqoratlab so‘kib, YPX inspektorining yuziga mushti bilan urgan. 

Natijada YPX inspektoriga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Avtomobil vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yilib, haydovchi B.B. IIBga topshirilgan. 

Mazkur holat bo‘yicha Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid