2020 yil 1 yanvardan Oliy Majlis palatasi Kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi nizom kuchga kirdi.

To‘y-ma'rakalarni tartibga solish bo‘yicha hukumat darajasida qarorlar qabul qilinayotganining o‘zi jamiyatimizda palak otgan to‘ychivonlik va ma'rakabozlik illatiga barham berishni maqsad qilgan.

Keling, to‘y va ma'rakalar ayni paytda qanday o‘takazilayotgani haqidagi uchta hikoya bilan tanishib, ularni qay tartibda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lishi haqida fikrlashaylik.

Birinchi hikoya

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan chol kuzda 76 yoshida vafot etdi. Janozani o‘tkazib, uch kundan keyin «xudoyi» qilishdi. Qo‘y so‘yilib, 35-40 kilo guruch damlandi. Shunga yarasha joy hozirlandi, dasturxon tuzaldi.

Keyin, qirq kungacha har payshanba, yakshanba kunlari dasturxon tuzalib, bu xonadonda fotihaxonlik bo‘ldi.

Nihoyat, janozadan qirq kun o‘tib «qirq» ehsoni bo‘ldi. Yana bitta qo‘y so‘yildi, yana 35-40 kilo guruch damlandi.

Mahalladoshlarimiz cholning janozasida, «xudoyi»sida qatnashishdi, kamiga esa yana ikki-uch martadan fotihaga kelishdi. Oxiri «qirq» ehsonini ham yeyishdi va shu bilan vafot etgan cholning farzandlari fotihaga keluvchilardan qutuldi. Ammo...

Ammo, janozadan 50 kun o‘tib qo‘shnimiznikidan azamonand kiyingan bir guruh ayollar chiqishyapti. Ular fotihaga kelishgan. Marhumni qabrga qo‘yib kelishganiga 50 kun bo‘lyapti. Erkaklar «qirq»ni o‘tkazib fotihaxonlikni tugatishdi. Ammo ayollarni fotihaxonligi ikki oyda ham tugamayapti.

Boshqa joylarda qandayligini bilmadim-u, ammo, biz taraflarda (Urgutda) ayollar janozadan ikki oy o‘tkazib ham payshanba va yakshanba kunlari aza bo‘lgan xonadonga takror-takror fotihaxonlik qilish uchun boraverishadi. Mabodo, ularni kimdir qaytarsa ham «bormasam faloncha (azador ayol) xafa bo‘ladi», deb ham qo‘yishadi.

O‘z navbatida aza bo‘lgan xonadon ayollari ham agar mahalla ayollari fotihaga bir kelib qayta kelishmasa «falonchaning oqibati yo‘q, fotihaxonlikka bir marta kelib qayta kelmay ketdi», deb gina ham qilishadi.

Xullas, bu odat va majburiyat darajasiga chiqib bo‘lgan. Azador xonadon ahllari janozadan keyin hamma ishini yig‘ishtirib erkaklarni qirq kun, ayollarni esa 60 kun atrofida har payshanba, yakshanba kunlari dasturxon tuzab fotiha qilishga keladiganlarni kutishga majbur.