Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sifatsiz kadrlar, keraksiz fanlar va o‘qituvchi saviyasi – Oliy ta'lim muammolari haqida rektor bilan suhbat
Quyida suhbatning ikkinchi, O‘zbekistonda oliy ta'lim muammolariga bag‘ishlangan qismi bilan tanishishingiz mumkin.
«Bitiruvchining qo‘lida davlat muhri qo‘yilgan diplom bor. Ammo u raqobatbardosh kadr emas».
Xalqning umumiy dunyoqarashi, tafakkurini rivojlantirish, ongidagi eskicha qarashlarni batamom yo‘qotish masalasi ko‘tarilayotgan ekan, bugun ta'lim masalasi har doimgidan-da dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu ma'noda, bugungi oliy ta'lim tizimiga haqiqat ko‘zi bilan qaraylik. Afsuski, oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan va ularni tamomlayotgan yoshlarning savodxonlik darajasiga havas qilib bo‘lmaydi.
Ko‘chada istagan talabaga bir sahifa arizanamo narsa yozdirib ko‘ring, uning qo‘lidan imlo va gap tuzishda qator xatolar bilan yozilgan nimanidir qabul qilasiz. Bu yerda savod so‘zini faqat imlo masalasidagina qo‘llamayapmiz. Xo‘sh, ta'limdagi bu qoloqlikdan qutulish yo‘llari nimalardan iborat?
Hozirda Termiz davlat universiteti rektori vazifasida ham ishlayotgan Abduqodir Toshqulovdan bu borada fikrlarini so‘radik.
— Mustaqillikning o‘tgan davrida ko‘pgina sohalar qatori Oliy ta'lim tizimi ham ko‘pgina muammolarni boshdan o‘tkazdi. Bu yerda nafaqat oliy ta'lim, balki davlat va jamiyat ishiga taalluqli qamrovning kam bo‘lganligi haqida gapirmoqchiman.
Bunda test texnologiyalari takomillashmagani, sohaga yillar davomida bir tomonlama yondashuv bo‘lib kelgani muammolarning sabablaridan biri. Ya'ni, uchta fan va o‘sha fanlardan tuzilgan testlarning javobini yodlagan bola borki, o‘qishga kirgan. Bu bo‘yicha aytilgan e'tirozlar, murojaatlar eshitilmagan.
Hozir test tizimida katta o‘zgarishlar bo‘lyapti, jumladan, imtihonlar bir kunda emas, o‘n besh kunda o‘tkazilyapti, ikkinchidan, test bloklaridagi fanlar soni ko‘paytirildi, ijodiy yo‘nalishlar bilan o‘tadigan ta'lim yo‘nalishlari soni oshirilmoqda. Bularning barchasi siz aytgan muammolarga yechim sifatida qilinyapti.
Biz bir xil test tizimini ko‘p yillar ushladik va shu tizim bilan yoshlarni oliy ta'limga qabul qilaverdik. Biz unga insho yozdirib ko‘rmadik, diktant yozdirmadik, ijodiy yo‘nalish bilan o‘qishga kirishi kerak bo‘lgan talabalar ham «tinchgina» test yo‘nalishi bilan imtihon qilinaverdi.
Albatta, men testga qarshi emasman, bu tizim ta'limga qabulda korrupsiyani jilovlashning asosiy mexanizmlaridan biri, lekin testning o‘zi bilan cheklanib qolish kerak emas.
Test bu qabuldagi bir bosqich bo‘lishi kerak. Imtihonlar ijodiy jarayonlar bilan boyitilishi kerak. Biz shu orqaligina bilimli yoshlarni saralab olishimiz mumkin. O‘tgan davrda aynan shu tizim, seleksiya yaxshi bo‘lmagan.
Mana shu yo‘l bilan o‘qishga kirib olgan bola korrupsiya, turli bosimlar va boshqa yo‘llar bilan o‘qishni bitirib olgan.
Bitiruvchining qo‘lida davlat muhri qo‘yilgan diplom bor. Ammo u raqobatbardosh kadr emas.
Hozirgacha oliy ta'limda yechilmay kelayotgan yana bir masala bor. Biz yaxshi ishlayotgan kadrlarni rag‘batlantiryapmiz, lekin biz shuncha islohotlardan keyin ham qimirlamayotgan kadrlarni ishdan bo‘shata olmayapmiz.
Masalan, biz ichki o‘rganish qilib ko‘rdik. Ayrim o‘qituvchilar 20 yildan buyon na maqola, na kitob va na qo‘llanma yozgan.
Talabalar orasida ko‘plab so‘rovlar o‘tkazdik (afsuski, hozir bu so‘rovlarning ham yuridik kuchi yo‘q) va mana shu so‘rovlarda o‘qituvchilarning pora olishi ham aytilgan, darslarning qariyb 100 foizi darslarni yaxshi o‘tmasligi e'tirof etilgan. Biz o‘sha o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qildik, lekin sudda yutqazdik, chunki amaldagi qonunchiligimiz bu tizimga tayyor emas.
Chet el oliy ta'lim muassasalarini ko‘ring. Ularda professor o‘qituvchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi kamida 20 varaq bo‘ladi. Bu ta'lim muassasalarida 50 foiz talaba o‘sha o‘qituvchining darsidan qoniqmasa. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bir tomonlama bekor qilinadi.
Raqobatbardosh kadrlar chiqmayotganining yana bir sababi shunda. Hozir kamida 30 foiz o‘qituvchining oliy ta'lim dargohida dars berishga, bu dargohlarga kirishga haqqi yo‘q.
Biz endilikda yaxshi o‘qituvchini rag‘batlantirib, talabga javob berolmayotgani bilan xayrlashish masalasini ko‘taryapmiz. Talabga javob bermaydigan o‘qituvchi o‘ziga mos, quyiroq joylarda ishlab tajriba oshirishi kerak.
«Ta'lim tizimidagi o‘quv rejalar to‘laligicha qayta ko‘rib chiqilishi kerak».

Bugun oliy ta'lim tizimida talabaga mutlaqo keraksiz, majburiyat sifatida o‘tilayotgan fanlar o‘nlab topiladi. Bunda davlat budjetiga ham katta zarar yetadi, vaqt yo‘qotiladi. Xo‘sh, ta'lim tizimida qachon talabalar fanlarni erkin tanlay oladi?
Rektor savolga quyidagicha fikr bildirdi:
— Hozir O‘zbekistondagi xorijiy universitetlar filiallari, shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti besh kunlik o‘qish tizimiga o‘tmoqda. Jumladan, biz ham yangi semestrdan besh kunlik o‘qish tizimiga o‘tyapmiz. Bu tizimda siz aytgan muammoga yechim bor. Ya'ni, biz 36 soatlik o‘qish soatini 32 soatga tushiryapmiz. Lekin hamon talabaga keraksiz fanlar saqlanib qolayapti.
Menimcha, ta'lim tizimidagi o‘quv rejalar to‘laligicha qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Hozir to‘rtta kurs talabalari turlicha o‘quv reja bilan o‘qishadi. Mana shu o‘quv rejalarni bir xillashtirish kerak, ikkinchidan, keraksiz fanlar chiqarib tashlanishi kerak.
Bunda biz nafaqat talabaga, balki ish beruvchiga ham huquq berishimiz kerak-ku. O‘zi istagan fanni ta'limga kiritishiga. U o‘ziga kerakli kadrga ish jarayonida kerak bo‘ladigan fanlarni o‘zi taklif qilishi kerak.
Yana bir misol, jismoniy madaniyat fanidan talabaning reyting daftarchasiga bahosi qo‘yiladi. Shu fan bizga kerakmi? Talaba o‘zi mustaqil fitnes klubga borsin, sportga qatnashsin, sharoit bor-ku. Buni alohida fan qilish shartmi? Deylik, talabada ikki juftlik fan bor, orada u kiyimini almashtirib, jismoniy madaniyat faniga ham kirishi kerak. Shu masala hamon muammoligicha qolmoqda.
Fan o‘qituvchilari ishlayversin, to‘garak o‘tsin, bunga qarshi emasman, lekin u ham bir fan bo‘lishi kerak emas.
Bizda yana bir masalada qo‘rquv bor. Ya'ni, dars jadvaliga darslar shunday joylashtiriladiki, bunda bir juftlikdan keyin orada bo‘sh vaqt qoldiriladi va keyin yana bir juftlik fan qo‘yiladi. Buning sababi, darslarni shunday joylashtirsak, talaba keyingi darsgacha qochib ketolmaydi, deb o‘ylashadi.
Rivojlangan davlatlarda talaba ertalab darsga keldimi kechki vaqtgacha universitet binosini tark etmaydi. U yerda darslar orasida to‘garaklar joylashtiriladi, talabalar shaxmat o‘ynaydi, suzishga qatnashadi, kompyuterda o‘tiradi yoki kursdoshlari bilan suhbatlashib o‘tirib dam oladi.
Talaba tanlovi deganda kunning qaysi qismida o‘qib, qaysi qismida ishlashni erkin tanlash huquqini ham tushunish kerak.
Biz talabaga kechagi qarash, tazyiq bilan qarashni to‘xtatishimiz kerak.
Yana bir muammoli masala, universitetda erkin forma masalasi. Bu muammo qayta-qayta ko‘tarilyapti. Bunga ham erkinlik berish kerak. Faqat bunda shaxsning talaba ekanligi va milliylikni inobatga olish kerak.
Biz mazmundan uzoqlashib ketyapmiz. Bu borada ota-onalarda ham mas'uliyat katta.

«Bugun rahbarlar xalqqa, rektorlar talabaga yaqinlashishi kerak».
«Ko‘pchilik o‘qituvchilar hali ham yo‘qlama qilish-u, biografiyasini tanishtirish bilan darsning qariyb 20 daqiqasini o‘g‘irlashyapti».
Afsuski, bugun talabalar ko‘p holatda dars o‘tayotgan o‘qituvchini xohlab emas, majburlikdan eshitadi. Xo‘sh, bugunning zamonaviy o‘qituvchisi, talabalar istagan lektor qanday bo‘lishi kerak?
Abduqodir Toshqulov bu borada ham o‘z fikrlarini bildirdi.
— Keyingi yillarda professor, o‘qituvchilarning rivojlangan davlatlarga xizmat safarlari, tajriba oshirishlari ko‘paydi. Bu ijobiy holat. Chunki, rivojlangan davlatlarning ta'limdagi tajribasini biror manbadan o‘qish, eshitish bilan uni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish o‘rtasida katta farq bor.
Bu davlatlarda ko‘proq trener degan institut ishlaydi. Ya'ni, talabalar mahorat bilan dars beradigan kishini trener deyishadi.
Biz hozirgacha auditoriyalarimizni o‘zgartirolmayapmiz. Bizda hamon to‘laligicha parta tizimi amalda. Endi-endi biz eskicha qoliplardan chiqishga harakat qilyapmiz.
Ammo hali ham o‘qituvchi talabani tashqariga chiqarib dars o‘tsa, yoki deylik, bank ishi fanini talabalarni bankka olib borib o‘tsa, bu holat taloto‘p bo‘lib ketadi.
Biz o‘qituvchiga ham, talabaga ham ishonch bildirishimiz kerak.
Bugun rahbarlarga xallqa yaqinlashish talabi qo‘yilayotgan bo‘lsa, rektorlar ham shunchalik talabaga yaqinlashishi kerak.
Bilasizmi, ayrim talabalar bizdan o‘qituvchiga proyektor bermaslikni so‘rashadi. Chunki, ayrim o‘qituvchilar zamonaviy dars o‘tish deganda ma'ruza matnini shunchaki proyektorga o‘rnatib, uni o‘qib berishni tushunadi. Bizda shu jihatlar ham kamchilikka to‘la.
Bu texnologiyalar o‘qituvchiga shunchaki yordam, dars o‘tish uchun qo‘shimcha vosita bo‘lishi kerak. Buni anglamayotgan o‘qituvchi demakki, yangi pedtexnologiyani hali tushunmagan.
Talabalarda shuningdek, dars sifatidan norozilik kuchli. Hozir ham, ko‘pchilik o‘qituvchilar yo‘qlama qilish-u, o‘zining biografiyasini tanishtirib berish bilan darsning qariyb 20 daqiqasini o‘g‘irlashyapti.
O‘zim ham ko‘p darslarni kuzataman va dars oxirigacha zerikib ketaman. Rektor kirgan dars shunchalik zerikarlimi- endi qolgan darslarni tasavvur qilavering.

«Hozir universitetlarda o‘qituvchilar soni oshyapti, ammo ilmiy salohiyat tushib boryapti»
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimidagi kvotalar sonini oshirish haqida ko‘p gapirilmoqda. Bunda talabalarga dars beradigan salohiyatli o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar masalasi ham o‘rtaga chiqadi.
Afsuski, bugun oliy ta'limdan keyingi ta'limda kadrlar masalasi son jihatidan ham, sifat jihatdan ham qoniqarli emas.
Ularni yetkazib beradigan muassasalar ham asosan Toshkentda joylashgan, boshqa hududlarga esa ko‘pda chiqarilavermaydi.
Rektorning bu boradagi fikrlari va muammoga taklif qiladigan yechimlari nimalardan iborat?
— Bu masala ham yurakda dard bo‘lib turgan masalalardan biri.
Davlat rahbari tizimda qamrovni oshirish va shu orqali yoshlarni ta'limga ko‘proq jalb qilish vazifasini qo‘ymoqda. Lekin oliy ta'limda qamrov oshgan sari har o‘nta talabaga bitta o‘qituvchini ishga olishimiz kerak bo‘ladi.
Lekin universitetlar o‘qituvchilarining qanchasida ilmiy daraja bor degan masala ham bor. Hozir kvotalar yiliga 20-25 foiz oshyapti, tabiyki, o‘qituvchilar soni oshyapti, ammo ilmiy salohiyat tushib boryapti.
Bu holat o‘qituvchilar ilmiy daraja himoya qilganda ham davom etyapti.
Termiz davlat universiteti misolida gapiraman. 2008 yildan 2017 yilga qadar birorta ilmiy daraja himoya qilinmagan. Oliy ta'lim dargohida to‘qqiz yil birorta dissertatsiya himoyasi bo‘lmagan. Bu – musibat. Bu o‘sha dargohda ilmiy muhit o‘ldi, degani.
2017 yildan boshlab bu yo‘nalishda ikki bosqichli tizim joriy qilindi. Shu sababli, 2018 yilda 5ta, 2019 yil yakuni bilan 22ta himoya bo‘ldi. Bu raqamni 2020 yilda 45taga yetkazishni reja qilyapmiz. Lekin bu himoyalar oson bo‘layotgani yo‘q, chunki, ixtisoslashgan kengashlarning aksariyati Toshkent shahrida joylashgan.
To‘g‘ri, Toshkent poytaxt, lekin nega hududlardagi bosh universitetlarda ixtisoslashgan kengashlar ishlamasligi kerak?
Axir, bu yerda maktab, fan doktorlari bor-ku.
Bu kengashlar joylarda bo‘lishining nimasi yaxshi? Avvalo bu himoyalarga talabalar, magistr va doktorantlar kirib o‘tiradi. Ilmiy muhit paydo bo‘ladi.
Tadqiqotchilarning Toshkentga kelib ne azoblarda yurishi ularning faqat o‘ziga va Xudoga ayon.
Yaqinda Oliy attestatsiya komissiyasi yig‘ilishida bu masala ko‘tarildi va masala endilikda yechilishi aytildi.
Hozir har bir fan bo‘yicha falsafa doktori ilmiy unvoni (PHD) berilyapti. Bu tizimda ham qiyinchiliklar ko‘paytirib yuborilgan.
To‘g‘ri, olimning yostig‘i toshdan deyishadi. Olim mashaqqat chekishi kerak, boshqa davlatlarda PHD darajasi ilmga kirish uchun bir litsenziya hisoblanadi. Buning uchun buncha qiyinchilik nega kerak?
Xo‘sh, ilmiy xodimlar uchun darajasi juda yuqori hisoblangan ilmiy jurnallarda maqolalar chiqarish, yoki yoshi katta xodimlar uchun til bilish talabi nega qo‘yilmoqda?
Biz bugun oliy ta'limni rivojlantirish uchun undan keyingi ta'limni ham jiddiy ko‘rib chiqishimiz kerak.
Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi
Mavzuga oid
16:34 / 01.11.2023
Abduqodir Toshqulov Termiz davlat universitetiga rektor bo‘ldi
17:05 / 31.10.2023
Abduqodir Toshqulov ham prezident administratsiyasidan ketdi
17:59 / 30.12.2022
Ishmetov va Toshqulov Prezident administratsiyasiga ishga o‘tkazildi
12:00 / 14.11.2022