O‘zbekiston | 19:09 / 20.01.2020
28921
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: Tuman hokimligi lavozimiga ham ayollarni izlayapman, lekin topolmayapman

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ayollarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish masalasiga to‘xtaldi.

«Ijro organlarida, vazirlik va idoralarda gender tenglikni ta'minlash, muhtarama opa-singillarimizga mas'ul lavozimlarni ishonib topshirish bo‘yicha ko‘p ish qilishimiz kerak.

Hokimlar yozib olinglar, quyi pog‘ona hokimlariga ham aytasizlar. Har yili hokim menga bir marta yopiq xat yozadi, shaxsan prezidentga. Bir yilda qaysi lavozimga ayollar tavsiya qilingani, qaysi lavozimga tayyorlangani to‘g‘risida. Yil yakuni bo‘yicha hammangiz hisobot berasizlar.

Men tuman hokimi lavozimiga ham ayollarni izlayaman, lekin topolmayapman.

Ularni ham sinab ko‘rish kerak, ularga ham imkoniyat berish kerak. Ularning ham rolini kuchaytirishimiz kerak. Sizlarga yoqadimi, yo‘qmi, menga yoqadi.

Nima uchun? Ayollarimiz muammolarni chuqurroq bilishi, fidoyiligi, kuchli mas'uliyat tuyg‘usi, mehnatsevarligi bilan barchaga o‘rnak bo‘la oladi deb takror-takror aytmoqchiman», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid