Jamiyat | 16:29 / 20.01.2020
10571
2 daqiqa o‘qiladi

Quyuq tumanda sodir bo‘lgan YTHda bir fuqaro vafot etdi

Joriy yilning 15 yanvar kuni soat taxminan 01:30lar atrofida haydovchi, 1990 yilda tug‘ilgan Yo.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Neksiya”  rusumli  transport vositasini Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hududidan o‘tuvchi, mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan “Mamut-O‘rtasaroy” avtomobil yo‘lining 5-kilometrida boshqarib ketayotib yo‘l-transport hodisasi sodir etdi.

Toshkent viloyati IIBB YHXB xabariga ko‘ra, haydovchi shu kuni quyuq tuman tushganligi sababli xavfli burilishi joyida yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagiga o‘tib ketadi va u tomondan harakatlanib kelayotgan, haydovchi A.Sh. boshqaruvida bo‘lgan boshqa bir “Neksiya” avtomobili bilan to‘qnashib ketadi.

To‘qnashuv natijasida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan haydovchi Yo.A. boshqaruvidagi transport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro X.F og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari! Ob-havoning keskin o‘zgarishi, tuman tushishi, qor yog‘ishi va haroratning sovib ketishi avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil qilishi, ko‘rinishni cheklashi mumkinligini doimiy e'tiborda tutishingizni so‘raymiz. Barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlarini, zarurat bo‘lmaganda tungi vaqtlarda harakatlanmaslikni, ayniqsa tezlik talablariga qat'iy amal qilishlarini, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lishlarini, kattalardan esa  yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olishlarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid