Jamiyat | 23:25 / 22.01.2020
36016
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda YPX xodimiga bo‘ysunmasdan, uni sudrab ketgan haydovchi ushlandi

22 yanvar kuni Telegram messenjeridagi kanallarda ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq, davomiyligi 16 soniyadan iborat videolavha tarqaldi.

Videoda oq rangli «Damas» boshqaruvida bo‘lgan haydovchi Samarqand shahrining Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida YPX xodimining to‘xtash to‘g‘risidagi talablariga bo‘ysunmasdan, xodimning ustiga qarab harakatlanib, uni sirpanchiq yo‘l orqali sudrab ketib, so‘ngra qochib ketgani va mazkur voqea bir necha fuqarolar tomonidan videotasvirga olingani aks etgan.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida voqeaga oydinlik kiritilgan.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 22 yanvar kuni soat 14:00lar atrofida safdor O.G‘oibov Samarqand viloyati hududida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida Samarqand viloyati IIB YHXB va Samarqand viloyati Transport boshqarmasi tomonidan hamkorlikda, 2019 yil 10 yanvar kunida tasdiqlangan 11/3-110-sonli taqsimotga asosan xizmatga jalb etilgan.

Shu taqsimot asosida Samarqand shahar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab Samarqand viloyat Transport boshqarmasi 1-toifali inspektori Z.Yorqulov bilan birga xizmat olib borishi jarayonida noma'lum «Damas» rusumli transport vositasi haydovchisi Samarqand shahar Narpay ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelib, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasiga qayrilib olib to‘xtab, yo‘lovchilarni tushirayotgan vaqtida safdor O.G‘oibov unga jyezl yordamida to‘xtash ishorasini bergan.

Shunga qaramasdan, haydovchi avtomobilni ichki tomondan qulflab olib, transport vositasini orqa tomonga harakatlantirib, so‘ngra safdor O.G‘oibovning transport vositasidan tushish va boshqaruv huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risida bergan qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, transport vositasini harakatlantirib, xodimni yo‘lning sirpanchiq qismi orqali sudrab borib, Samarqand shahar Narpay ko‘chasi yo‘nalishida boshqarib ketgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari jarayonida mazkur «Damas» rusumli transport vositasi Samarqand tumani Turkman qishlog‘ida yashovchi fuqaro O.X.ga tegishli ekani, voqea paytida rulda O.X.ning o‘g‘li A.B. boshqarganligi aniqlangan.

A.B.ga nisbatan MJtKning 128-moddasi (Transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmaslik), 128(4)-moddasi 2-qismi (Svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tish), 135-moddasi 2-qismi (Transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi), 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Transport vositasi esa «ERSTRA AVTO SERVIS» MChJga qarashli vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Shuningdek, fuqaro A.B. tomonidan Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, uning qonuniy faoliyat olib borishiga faol qarshilik ko‘rsatganligi holatiga huquqiy baho berish uchun unga nisbatan MJtKning 194-, 195-moddalari tartibida to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqilib, qonuniy hal qilish uchun Samarqand shahar ma'muriy sudiga yuborilgan.

Sud tomonidan mazkur ma'muriy ish ko‘rib chiqilishi natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda axborot beriladi.

Mavzuga oid