Jamiyat | 09:31 / 30.01.2020
17477
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayrim avtobuslarning harakat yo‘nalishi o‘zgartirildi

«Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmati Toshkentda davom etayotgan qurilish ishlar tufayli bir nechta avtobuslarning harakat va yo‘nalish jadvallariga o‘zgartirishlar kiritilganini xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, «Toshshahartransxizmat» aholi talab va takliflarini inobatga olgan holda o‘z tasarrufidagi yo‘nalishlarni muvofiqlashtirib bormoqda. Talab yuqori bo‘lgan avtobus yo‘nalishlari harakati va jadvallar soniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Fevral oyidan boshlab yana qator yo‘nalishlar o‘zgartiriladi. Jumladan, 2-avtobus saroyiga qarashli 49-«TTZ–Do‘stlik metrosi» yo‘nalishi harakati to‘g‘ri yo‘nalishda Aviasozlar ko‘chasining «Aviyasozlar saroyi» bekatidan Aviasozlar, Qorasuv, Alimkent, Elbek ko‘chalari orqali «Do‘stlik» metrosigacha etib o‘zgartirildi.

63-«Qorasuv 1-mavze – Yunusobod 9-daha» yo‘nalishi Oltintepa ko‘chasidan Xirmontepa, Buyuk ipak yo‘li va Mirzo Ululg‘bek ko‘chalari orqali o‘tadigan bo‘ldi.

83-«Yunusobod 6-dahasi – Ekskavator zavodi» yo‘nalishi endilikda Yangi Yunusobod ko‘chasidan Yangi shahar, Chinobod, Amir Temur va A.Donish ko‘chalari orqali o‘tadi.

199-«Ekskavator zavodi – Jismoniy tarbiya instituti» yo‘nalishi avtobuslari o‘z harakatini «Jismoniy tarbiya instituti» bekatidan Qang‘li, Feruza, Navoiy ko‘chalari orqali «Oq qovoq» mahallasidan davom ettiradi. Bu yo‘nalish endilikda «Ekskavator zavodi – Oq qovoq mahallasi» deb yuritiladi.

Shuningdek, 4-avtobus saroyiga qarashli 8-«Sergeli 7-dahasi – Chilonzor 25-dahasi» yo‘nalishi avtobuslari ham endilikda Shokirariq, Tursunzoda, Mehrigiyo Parkent yo‘li, THAY va Tursunzoda ko‘chalari orqali Sergeli 7-daha AShBga qadar harakatlanadi.

Bundan tashqari yo‘lovchilar murojaatlaridan kelib chiqib, 2-avtobus saroyi tasarrufidagi 14, 24, 60, 63, 89, 96- hamda 4-avtobus saroyining 8, 32, 38, 57, 80, 84, 122, 135-yo‘nalishlarning jadvallari soniga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.

Mavzuga oid