Jahon | 19:30 / 03.02.2020
15270
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbeda Markaziy Osiyodagi eng katta masjid ochiladi

Masjid hududida bir vaqtning o‘zida 120 mingga yaqin kishi namoz o‘qishi mumkin bo‘ladi. Qurilish ishlari 2009 yil oktyabrda boshlangandi.

Dushanbe shahrida qurilgan Markaziy Osiyodagi eng katta masjid mart oyida ochilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi «Avesta» agentligi.

Mamlakat arxitektura va qurilish qo‘mitasining ma'lum qilishicha, Markaziy Osiyodagi eng katta jome' masjid qurilishi to‘liq nihoyasiga yetgan.

«Obekt o‘tgan yil oktyabrda Qatar amiri ishtirokida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgandi. Qatar amiri Tojikistonga kela olmagandi va uning tashrifi shu yilning mart oyiga mo‘ljallangan. Masjid ham rasman o‘shanda ochilishi kutilmoqda», – dedi manba.

Xabar qilinishicha, masjid hududida bir vaqtning o‘zida 120 mingga yaqin kishi namoz o‘qishi mumkin bo‘ladi. Qurilish ishlari 2009 yil oktyabrda boshlangandi.

Qurilish loyihasi Tojikiston va Qatar mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Masjid har birining balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora, 47 metrli asosiy gumbaz va yana 20ta katta-kichik gumbazlardan iborat.

Dushanbe shimolida 12 gektar maydonda joylashgan masjidda namozxonalar, kutubxona, muzey, majlislar zali va uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mehmonlarni qabul qilish zali mavjud.

Loyiha qariyb 100 mln dollar deb baholanmoqda. Xabar qilinishicha, loyiha Qatar hukumati tomonidan moliyalashtirilgan.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid