O‘zbekiston | 10:43 / 03.02.2020
9793
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona tumani va Qirg‘izistonning Qadamjoy hududi o‘rtasida kirish-chiqish soddalashtiriladi

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani va Qirg‘iziston Respublikasining Qadamjoy hududi o‘rtasidagi kirish-chiqish va chegara-bojxona rasmiyatchiliklari soddalashtiriladi.

Foto: ITAR-TASS/Maksim Slutskiy

Hukumatning 2020-2022 yillarda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 — 2022 yillarda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Farg‘ona tumanining iqtisodiy salohiyati va turistik imkoniyatlaridan kelib chiqib, investitsiya takliflari va loyiha pasportlarini tayyorlaydi hamda turizm, kurort va sanatoriy obektlarini qurishga yo‘naltirilgan taqdimot materiallarini ishlab chiqadi va Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Farg‘ona tumanida “Vodil-farm” erkin iqtisodiy zonasi hamda Mindonobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 4,5 gektar bo‘sh yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etish yuzasidan har tomonlama chuqur o‘rganib, Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi:

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Farg‘ona tumani “Satkak” MFY hududida joylashgan chiqindi poligoni negizida salohiyatli mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash korxonasini tashkil etish choralarini ko‘radi;

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Shohimardon va Chimyon hududlarini maxsus “eko-hudud”larga aylantirish, shuningdek ulardagi aholi xonadonlari negizida imtiyozli shartlar asosida oilaviy mehmon uylari tarmoqlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi belgilangan tartibda:

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Farg‘ona tumanidagi past ball bonitetli va hosildorligi kam bo‘lgan g‘alla va paxta ekin maydonlarini qisqartirish va ularning o‘rnida meva-sabzavot, uzumchilik, poliz va chorva-ozuqa ekinlarini joylashtirish hamda salohiyatli mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda zamonaviy texnologiyalar asosidagi qishloq xo‘jaligi klaster korxonalarini tashkil qilish;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda Farg‘ona tumani “Marg‘ilon” MFY hududida “erkin savdo zonasi” tashkil qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda:

Farg‘ona tumanidagi tarixiy yodgorliklar, me'moriy obidalar va madaniy meros obektlarining holatini o‘rganib, ularda ta'mirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradi;

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur inshootlar va obektlarni turistik yo‘nalishlarga kiritgan holda ularga sayyohlar tashrifini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘radi.

Tashqi ishlar vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qirg‘iziston Respublikasining Qadamjoy hududi va Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani o‘rtasidagi kirish-chiqish va chegara-bojxona rasmiyatchiliklarini soddalashtirish, bunda mahalliy va xorijiy turistlar uchun alohida rejimni joriy qilish, xususan chegara nazorat-o‘tkazish punktiga xalqaro maqom berish masalalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq taklif kiritadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda turizm namoyishi obektlariga yaqin hududlarda namunaviy loyihalar bo‘yicha zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va ularning faoliyatini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid