Xususan, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov Tog‘ay Murod shaxsiyatida adabiyot dunyosida uchrab turadigan illat – guruhbozlik va mahalliychiliklarga murosasizlik ruhi kuchli bo‘lgani haqida gapirdi.

«Tog‘ay Murod maqolalaridan birida o‘zining yolg‘izligi, atrofdagi insonlardan ko‘p ham ro‘shnolik ko‘rmagani haqida yozadi. Ehtimol, bu sub'yektiv bir fikrdir. Nima bo‘lishidan qat'iy nazar, bu fikrlar Tog‘ay Murodning qiyofasini ko‘rsatadi. Tog‘ay Murodga atrofidagi guruhbozliklar yoqmagan shekilli, boshqalarning kuchi guruhbozlikda, mening kuchim yolg‘izligimda, deydi.
U agar guruhboz bo‘lsam mening kallam ishlamay qoladi, deydi. O‘zimni g‘arib, benavo, “baran” his qilaman, deydi. U yana agar men yolg‘iz bo‘lsam, o‘zimni yo‘lbars his qilaman, yo‘lbars, deydi.
Bu dahshatli fikrlar, hamma yozuvchi ham bu kabi fikrlarni aytavermaydi.
Bu gaplarni Tolstoyga o‘xshab hayotidagi butun yaxshi yomoniga iqror bo‘lgan kishigina aytishi mumkin. Ya'ni u men turli mahalliychilik, guruhbozliklarga qo‘shiladigan bo‘lsam, odamgarchilik qiyofasidan chiqib qolaman, meni adolatim, xolisligim yo‘qoladi, degan edi», – dedi olim.
Yozuvchi tarjimon va tanqidchi Ibrohim G‘afurov Tog‘ay Murodning ushbu kitobdan o‘rin olgan ayrim fikrlarini o‘ta sub'yektiv, deb baholadi.

«Bu asar hammamizning stolimiz, kitob javonimizda bo‘lishi kerak. Bu to‘plam faqat Tog‘ay ijodini emas, adabiyotimizning XX asrning 1960 yillardan to 1980 yillargacha bo‘lgan davri muhitini sezishimizga, tushunishimizga yordam beradi.
Ammo yana bir narsani adolat uchun aytishim kerak. Tog‘ayning ayrim fikrlari juda sub'yektiv edi. Masalan, u mana shu kitobdan ham o‘rin olgan adabiyotning xalqchilligi haqidagi maqolasida yozuvchi Temur Po‘latovni Buxorodan chiqqan o‘zbek yozuvchisi, lekin uni asarlari o‘zbek xalqi haqida emas, degan juda qattiq fikrni aytadi. Bu haqiqatda, juda og‘ir fikr. Tog‘ay Murod o‘z fikrida davom etib, bular rus tilida yozilgan lekin ularda rus xalqi namoyondalarining ham obrazlari yo‘q, deydi. Ya'ni, Temur Po‘latovni o‘zbek adabiyoti uchun ham, rus adabiyoti uchun ham yo‘q yozuvchi, deya talqin qiladi. Bu nihoyatda sub'yektiv fikr, chunki Temur Po‘latov o‘z zamonasida Andrey Bitov, Chingiz Aytmatov, Yevropa va Boltiq bo‘yi davlatlari yozuvchilari bilan tengma-teng qadam tashlaganini yaxshi bilamiz», dedi Ibrohim G‘ofurov.


















