Jahon | 22:36 / 04.02.2020
8868
2 daqiqa o‘qiladi

Hyundai koronavirus sababli Janubiy Koreyada mashinalar ishlab chiqarishni to‘xtatmoqda

Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi yangi turdagi koronavirus sababli Janubiy Koreyadagi korxonalarida mashinalar ishlab chiqarishni to‘xtatishini e'lon qildi. 

Shu tariqa Hyundai ushbu sababga ko‘ra Xitoydan tashqarida mashinalar ishlab chiqarishni to‘xtatayotgan ilk yirik kompaniya bo‘ldi.

Automotive News nashrining aniqlik kiritishicha, kompaniyaning bu qaroriga epidemiyaning o‘zi emas, balki uning Xitoydagi oqibatlari sabab bo‘lgan: u yerdan Hyundai’ning korxonalariga avtomobil elektr ta'minoti kabellari yetkazib beriladi. Ayni vaqtda Xitoyning ushbu kabellarni ishlab chiqaruvchi korxonalari kamida 9 fevralgacha yopilgan va Janubiy Koreya kompaniyasi ushbu butlovchi qismlar tanqisligini sezmoqda. 

Hyundai’ning Janubiy Koreyada 7 ta zavodi bor bo‘lib, ularda kompaniyaning barcha mashinalarining 40 foizi ishlab chiqariladi.  

Rejaga ko‘ra, Hyundai’ning zavodlari 7 fevraldan ishini to‘xtatadi. Ba'zi ishlab chiqarish liniyalari 11 yoki 12 fevraldayoq ishga tushirilishi mumkin. Kompaniyada ta'kidlanishicha, ular butlovchi qismlar yetkazilishidagi uzilishlar oqibatlarini minimallashtirish yo‘llarini qidirishmoqda. 

Avvalroq koronavirus sababli Tesla, Ford, PSA Group, Nissan va Honda Xitoydagi korxonalari ishini to‘xtatgandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid