Janubiy Koreyaning Hyundai Motor kompaniyasi duşanba, 2 fevral kuni Sankt-Peterburgdagi özining sobiq zavodini qayta sotib oliş huquqidan foydalanmaganini ma’lum qildi. Sabab — Ukrainada davom etayotgan uruş. Bu haqda dekabr oyida Reuters agentligi kompaniyadagi manbalarga tayanib yozgan edi.
Peterburgdagi mazkur maydonda işlab çiqariş 2022 yil mart oyida Rossiyaning Ukrainaga bosqini va şundan keyin joriy etilgan sanksiyalar tufayli töxtatilgan. Sanksiyalar ehtiyot qismlar va butlovçi detallar ta’minotida uzilişlarga olib kelgan. 2024 yilda Hyundai zavodni ramziy summa — 7000 rublga sotgan. Kompaniyaning öz ma’lumotlariga köra, bu jarayonda 200 mln yevro miqdorida zarar körgan.
Öşa paytda xaridor sifatida “Art-Finans” MÇJ çiqqan — u avvalroq Kalugadagi Volkswagen aktivlarini ham sotib olgan edi. Kelişuv şartlariga köra, Hyundai zavodni ikki yil içida qayta sotib olişi mumkin edi. Bu muddat 31 yanvar kuni yakunlandi.
17 dekabr kuni “AGR” kompaniyalar guruhi (bu — sobiq “Art-Finans” MÇJning yangi nomi) Peterburgdagi sobiq Hyundai zavodida Xitoyning GAC brendiga tegişli avtomobillarning sinov partiyasini çiqargani ma’lum böldi. “Art-Finans” va GAC örtasidagi hamkorlik haqidagi axborotlar 2023 yil noyabr oyidayoq paydo bölgan. Öşanda korxonada dastlabki paytda mavjud detallardan foydalanib avtomobillar yiğilişi aytilgan edi.
Hyundai Motor’ning Sankt-Peterburgdagi zavodi 2010 yilda oçilgan. Ukrainadagi uruşga qadar u yerda yiliga 200 mingdan ortiq avtomobil işlab çiqarilar edi — asosan Hyundai Solaris, Hyundai Creta va Kia Rio modellari konveyerdan çiqqan.

















