Biznes | 17:22 / 06.09.2025
4723
4 daqiqa o‘qiladi

Amerikadagi Hyundai zavodida migratsion operatsiya: 500 ga yaqin kishi qo‘lga olindi, Seul Vashingtonni ogohlantirdi

AQShning Jorjiya shtatidagi Hyundai zavodida immigratsiya idoralari reyd o‘tkazib, qariyb 500 kishini hibsga oldi. Bu prezident Trampning katta deportatsiya siyosati ostida bo‘lmoqda. Qo‘lga olinganlarning aksariyati 3000 gektar maydonda qurilgan elektromobillar ishlab chiqaruvchi zavod ishchilari, Koreya fuqarolaridir.

Foto: Hyundai

Janubiy Koreya operatsiyadan “tashvish va afsusda” ekanini bildirdi va AQSh hukumatini koreys fuqarolari huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi. Ichki xavfsizlik departamentining BBC’ga aytishicha, bu odamlarga “noqonuniy mehnat amaliyoti va boshqa og‘ir federal jinoyatlar” ayblovlari tufayli qidiruv e’lon qilgan.

Biroq AQSh immigratsiya idoralari bu shunchaki reyd emasligi, balki ko‘p oylik jinoiy tergovning bir qismi ekanini bildirmoqda.

“Bu ko‘p oylik jinoiy tergov bo‘ldi, unda biz dalillarni ishlab chiqdik, suhbatlar o‘tkazdik va hujjatlarni to‘pladik, bu dalillarni taqdim etdik. So‘ngra sud qidiruvga ruxsat berdi, dedi Atlantadagi ichki xavfsizlik bo‘yicha maxsus agent Stiv Shrank.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “bu milliy xavfsizlik bo‘yicha tergovlar tarixidagi eng yirik operatsiyalardan biri bo‘lmoqda”.

Reyd prezident Donald Trampning ikkita asosiy ustuvor yo‘nalishi – AQShda ishlab chiqarishni rivojlantirish va noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash asosida olib borilgan. Trampning o‘zi juma kuni Oval kabinetda koreyslarning qo‘lga olinishiga to‘xtalarkan, “ular noqonuniy muhojirlar edi va ICE shunchaki o‘z ishini qildi”, deya qisqa to‘xtaldi.

Jurnalistlar prezidentdan bu operatsiya Seul bilan aloqalarga salbiy ta’sir qilmasligi haqida so‘radi.

“Yaxshi, biz boshqa davlatlar bilan til topishmoqchimiz va ajoyib, barqaror ishchi kuchiga ega bo‘lishni xohlaymiz. Men tushunganimdek, bizda juda ko‘p noqonuniy chet elliklar bor, ular yaxshi odamlar emas”, deya javob qaytargan Tramp.

Bu ishchilar Bayden bilan birga kelgan odamlar. Ular noqonuniy yo‘l bilan kelishgan, deya qo‘shimcha qildi prezident.

Immigratsiya xizmati rasmiylarining bildirishicha, operatsiya davomida mamlakatda noqonuniy bo‘lgan yoki noqonuniy ishlagan 475 ga yaqin kishi qo‘lga olingan.

Ular Jorjiya shtatining Folkston shahridagi AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) muassasasida qolmoqda, agentlik ularni keyin qayerga ko‘chirishni hal qilmoqda.

Hibsga olinganlarning 300 nafari Koreya fuqarolari ekani aytilmoqda. Hyundai Motor kompaniyasi o‘z bayonotida “vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani va muayyan vaziyatlarni tushunishga harakat qilayotganini” aytdi. “Bugungi kunga ko‘ra, hibsga olinganlarning hech biri to‘g‘ridan to‘g‘ri Hyundai’da ishlamasligini bilamiz”, - deyiladi kompaniya axborotida.

Janubiy Koreya reydga javoban voqea joyiga diplomatlarni jo‘natayotganini va AQShning Seuldagi elchixonasi bilan bog‘lanib, Koreya fuqarolari huquqlari masalasida AQShni “o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga” chaqirganini aytdi.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid