O‘zbekiston | 23:07 / 05.02.2020
3386
4 daqiqa o‘qiladi

Hududiy nazorat inspeksiyalari qurilish-montaj ishlari qiymatining 0,2 foiziga teng miqdorda ajratma olishadi

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomini beriladi va hududiy inspeksiyalar unga bo‘ysundiriladi.

Bu prezidentning «Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida​»ga qarorida o‘z aksini topgan. Qaror matni O‘zAda e'lon qilindi.

Inspeksiya tuzilmasida 2 ta boshqaruv xodimi shtat birligidan iborat bo‘lgan Komplayens xizmatini tashkil qilinadi va hududiy inspeksiyalar tuzilmasiga komplayens-nazorat bo‘yicha mutaxassis lavozimini kiritiladi.

2020 yil 1 iyuldan boshlab Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar boshliqlariga, huquqbuzarlik faktiga e'tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi.

Prezident qarori bilan Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 40 nafardan iborat tuzilmasi, hududiy nazorat inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi tasdiqlangan.

Inspeksiya boshlig‘iga quyidagi huquqlar beriladi:

·       boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida, zaruratga ko‘ra, Inspeksiya shtat birliklariga o‘zgartirishlar kiritish;

·       obektlar sonidan kelib chiqqan holda hududiy inspeksiyalar tuzilmasi va shtat birliklari normativlarini tasdiqlash;

·       hududiy inspeksiyalarning xarajatlar smetasini tasdiqlash.

Inspeksiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan, hududiy inspeksiyalar faoliyati esa qurilish-montaj ishlari qiymatidan ajratmalardan shakllantiriluvchi mablag‘lar hamda shartnoma asosida bajariladigan ishlar va xizmatlardan tushadigan daromadlar hisobidan moliyalashtiriladi.

2020 yil 1 apreldan boshlab davlat qurilish nazorati amalga oshirilishi shart bo‘lgan barcha obektlar bo‘yicha hududiy inspeksiyalarga ajratmalar qurilish-montaj ishlari qiymatining 0,2 foiziga teng yagona miqdorda (QQSsiz) belgilanadi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:

·       0,02 foizi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga, shu jumladan, 0,01 foizi – Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari ehtiyojlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;

·       0,18 foizi hududiy inspeksiyalar ixtiyorida qoldiriladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalanishga ruxsat beriladi:

·       O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy bo‘linmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

·       Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning joriy va boshqa xarajatlarini moliyalashtirish;

·       O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta'minlash;

·       O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid