-        O‘zbekistonda barqaror ish o‘rinlarini qanday qilib ko‘proq tashkil etish mumkin?

-        O‘zbekiston noyob imkoniyatga ega, chunki sizning mamlakat dunyoda 6-eng yirik paxta tolasi yetishtiruvchi mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, ishga layoqatli fuqarolar soni ham juda ko‘p. Bunga qo‘shimcha ravishda jug‘rofiy joylashuvi Yevropaga yaqin. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari Yevropaga 2 haftada kirib borishi mumkin. Bu, misol uchun, Osiyoning boshqa mintaqalarida ishlab chiqilgan shu turdagi mahsulotlarni yetkazib berish uchun talab etiladigan 6-8 haftadan anchagina qisqa muddatdir.

Bu yana shuni anglatadiki, chakana sotuvchilar, mahsulotlar ta'minotini qisqa vaqtda amalga oshira oladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida millionlab ish o‘rinlari yaratishdek ulkan salohiyatga ega. Buning uchun to‘g‘ri malakaga ega bo‘lish hamda xorijiy investorlar, xaridorlar va kompaniyalarni jalb etish talab etiladi. Bugungi kunda guvoh bo‘lib turganimiz, paxta hosilini yig‘ib olishda majburiy mehnatga barham berilishi – xorijiy brendlar, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun ulkan qadamdir.

-        O‘tgan yili harbiylar va ichki ishlar idoralari xodimlari paxta terimiga jalb qilindi. Xalqaro mehnat tashkilotining bu masalada qarashi nimadan iborat?

-        Harbiy xizmatchilar mehnati borasida Xalqaro mehnat tashkiloti o‘z qarashiga ega. Nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning har qanday mamlakati iqtisodiy taraqqiyot yoki boshqa maqsadlarda harbiy xodimlar kuchidan foydalana olmaydi. Davlat favqulodda vaziyatlar va mojarolarga barham berishda harbiylarni jalb eta oladi, xolos. Bu qoidaga ba'zi istisnolar ham bor, ammo odatdagi ishlarda harbiylar o‘zlari xohlasa ham, ularning mehnatiga pul to‘langan taqdirda ham, ularning kuchidan foydalanish mumkin emas. XMTning ushbu masaladagi qarashi shuki, bu tashkilot me'yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Albatta, bizga aytganlaridek, bular vaqtinchalik choralar bo‘lgan va to‘xtatiladi.

-        Hasharlar borasida tashkilot nima deydi? Chunki, o‘tgan yili ko‘plab viloyatlar hokimlari hasharlardan haddan ortiq ko‘p foydalandi.

-        Hashar – o‘zbek an'anasi bo‘lib, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham shunga o‘xshash odatlar mavjud. Mahalliy jamoatchilik vakillari, o‘z xohish-tashabbuslari bilan jamiyatdagi biror infratuzilmani tuzatish, daryolarni tozalash, atrofni obodonlashtirish kabi ishlarda birlashib turadi.