Iqtisodiyot | 11:53 / 07.02.2020
4789
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Turkiya, Vengriya, Ukraina, Ummon va Gruziya bilan investitsiya hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘rib chiqildi

Joriy yil 6 fevral kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir Sardor Umurzoqov boshchiligida O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasi, Vengriya, Ukraina, Ummon Sultonligi va Gruziya Respublikasi bilan investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan videokonferensiya shaklidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Yuqorida sanab o‘tilgan har bir mamlakat bilan ikki tomonlama hamkorlik salohiyatidan foydalanish samarasi tanqidiy ko‘rib chiqildi - xorijiy sheriklar bilan amalga oshirish uchun loyihalar va kelishuvlarni tayyorlash tizimli yo‘lga qo‘yilmagani, shuningdek, imzolanganidan keyin ularning ijrosi ustidan monitoringi sust ekanligi qayd etildi.

Yig‘ilish ishtirokchilariga muammoli masalalarni aniqlash va kelishuvlarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida tezkor va samarali yechimlarni ishlab chiqish uchun shakllantirilgan loyihalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, mas'ul rahbarlar sherik-davlatlarning mavjud bo‘lgan ishlab chiqarish va texnologik salohiyatidan kelib chiqqan holda birgalikda amalga oshirish uchun yangi loyiha takliflarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.  

Bundan tashqari, savdo dinamikasi va yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlar bozorlari tuzilmasini tahlil qilish asosida alohida tovar pozitsiyalari bo‘yicha savdoni faollashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari ajratib olinadi.

Ushbu chora-tadbirlar yuqorida ko‘rsatilgan davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligi bo‘yicha rejalashtirilgan hukumatlararo tadbirlarning kun tartibini to‘ldirilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid