O‘zbekiston | 12:38 / 11.02.2020
9263
2 daqiqa o‘qiladi

Amazon Pentagon tenderi bo‘yicha Trampni so‘roq qilmoqchi

Amazon kompaniyasi Pentagonning 10 mlrd dollarlik tenderi bo‘yicha suddan AQSh prezidenti Donald Trampni so‘roq qilishga ruxsat berishini so‘radi.   

Foto: AP

Bu haqda kompaniyaning sud hujjatlari bazasida e'lon qilingan iltimosnomasida aytilgan.

Amazon 2019 yil noyabrida AQSh federal sudiga Pentagonning ma'lumotlarni saqlash uchun bulutli infratuzilma yaratishga Microsoft kompaniyasi bilan 10 mlrd dollarlik shartnoma tuzish qarori bo‘yicha shikoyat qilgan. Amazon o‘z arizasida, shuningdek, Trampni bu masalada Pentagonga bosim o‘tkazganlikda ayblagan.

“AWS [Amazon’ning sho‘'ba korxonasi] qo‘shma mudofaa infratuzilmasi dasturi (JEDI) ijrochisini tanlashda ko‘mak ko‘rsatgan va dastur bo‘yicha shartnomaning berilishida muhim rol o‘ynagan 7 kishining ko‘rsatmalar berish uchun chaqirilishiga ruxsat berilishini so‘ramoqda”, deyilgan hujjatda.  

Ko‘rsatmalar berishga chaqirilishi so‘ralganlar orasida Donald Tramp, Pentagonning amaldagi va sobiq rahbarlari Mark Esper va Jyeyms Mettis ham bor.

Bulutli infratuzilmani yaratishga tenderni qo‘lga kiritishda Amazon yetakchilik qilgan bo‘lsa-da, Pentagon oxirgi pallada o‘z fikrini o‘zgartirib, shartnomani qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan va 10 mlrd dollarlik shartnomani Microsoft’ga bergan. Bu Tramp Amazon rahbari Jyeff Bezosni keskin tanqid qilgandan keyin yuz bergan. Bunga esa Bezosga tegishli Washington Post nashri AQSh prezidentini muntazam tanqid qilib kelishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.  

Amazon’dan tashqari, tanlovda IBM va Oracle ham ishtirok etgan. Tenderning yana bir ishtirokchisi bo‘lgan Google Pentagon bilan hamkorlik qilayotgani uchun o‘z xodimlari tomonidan tanqid qilingach, 2018 yildayoq tanlovdan chiqib ketgan.

Mavzuga oid