1978 yil 8 yanvarda Eronda inqilob boshlanadi, islom inqilobi. Qariyb bir yil davom etgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy taxtdan ag‘darilib, mamlakatni o‘zlarini «Islom inqilobchilari» deb atagan kuchlar egallaydi.

Misrga qochib ketgan Pahlaviy o‘sha yerda vafot etadi. 1979 yil 11 fevral kuni mamlakat rasman Eron Islom Respublikasi deb e'lon qilinadi. O‘shandan buyon 11 fevral sanasi Eronda islom inqilobi g‘alabasi kuni sifatida nishonlanadi.

Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviy

1941 yil Rizo Pahlaviy Buyuk Britaniya va SSSR harbiylarini Eronga joylashtirishga rozi bo‘lmaydi, ammo ular baribir o‘z harbiylarini Eronga kiritadi. Bu voqealar fonida Rizo Pahlaviy taxtdan voz kechib xorijga qochishga majbur bo‘ladi. Uning o‘rniga o‘g‘li, 21 yoshli Muhammad Rizo Pahlaviy taxtga o‘tiradi.

1953 yil bosh vazir Muhammad Mussiddiq tomonidan Muhammad Rizo Pahlaviyga qarshi davlat to‘ntarishi uyushtiriladi. O‘sha yili 19 avgustda G‘arb davlatlari ko‘magi bilan Muhammad Mussiddiq hokimiyatdan chetlashtirilib hibsga olinadi. Oqibatda to‘ntarish vaqtida xorijga qochgan Pahlaviy Eronga qaytib mamlakatni boshqarishda davom etadi.

Rizo Shoh Pahlaviy va uning o‘g‘li Muhammad Rizo Pahlaviy

Muhammad Rizo Pahlaviy boshqaruvi davrida Eron o‘zining asriy an'analaridan voz kechib, dunyoviy davlatga aylana boshlaydi. Mamlakatda nafaqat G‘arb bayramlari, balki islom dini kelishidan avval mavjud bo‘lgan bayramlar ham nishonlana boshlaydi. Kichik Pahlaviy AQShning tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘sha paytlarda butun islom olami Isroil-Falastin masalasida Isroil tomonida turgani uchun AQShni qoralayotgan vaqtda u AQShning Yaqin Sharq masalasida yuritgan bir tomonlama siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa eronliklarning ko‘pchiligiga yoqmaydi.

Muhammad Rizo Pahlaviyning tashqi va ichki siyosatdagi qarorlarini qo‘llaydiganlar ham ko‘p edi, ammo asrlar davomida shakllangan an'analarga sodiq yashayotgan aholining katta qismi buni hazm qila olmaydi.

Shu tariqa, Eronda shoh Pahlaviyning «radikal g‘arblashtirish» siyosatiga qarshilar soni tobora o‘sib boradi.

Pahlaviy Eron xavfsizlik xizmati SAVAK yordamida mamlakatda o‘ziga qarshi chiqayotgan odamlarni qattiq jazolashni boshlaydi. Yuz minglab eronliklar shunchaki Pahlaviy siyosatiga qarshi bo‘lgani uchun qamaladi.