Jahon | 19:07 / 15.02.2020
3180
2 daqiqa o‘qiladi

Pompeo energetika xavfsizligi uchun Sharqiy Yevropaga 1 mlrd dollar ajratilishini va'da qildi

Vashington ushbu yordam orqali mamlakatlarning energetika tizimini rivojlantirib, ularning Rossiya energetikasiga qaramligini kamaytirmoqchi.

Foto: Mark Thomas / Global Look Press

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada chiqishi chog‘ida AQSh «Uch dengiz tashabbusi»ga kiruvchi Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlariga 1 mlrd dollar ajratishini ma'lum qildi. Bu haqda AFP xabar bermoqda.

«Uch dengiz tashabbusi» — 2016 yilda Adriatika, Boltiq va Qora dengiz orasida joylashgan davlatlar imzolagan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim. Avstriya, Chexiya, Slovakiya, Xorvatiya, Vengriya, Sloveniya, Ruminiya, Bolgariya, Polsha, Litva, Latviya va Estoniya ushbu bitim qatnashchilari hisoblanadi. 

Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘ Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha moliyaviy korporatsiya orqali ajratiladi. Vashington ushbu yordam orqali mamlakatlarning energetika tizimini rivojlantirib, ularning Rossiya energetikasiga qaramligini kamaytirmoqchi.

U shuningdek, AQSh «Shimoliy oqim-2» quvuri o‘tkazilishiga qarshi ekanligini yana bir bor ta'kidladi.

O‘tgan yil dekabrda AQSh prezidenti Donald Tramp «Shimoliy oqim-2» qurilishida ishlayotgan kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar kiritish ko‘zda tutilgan mudofaa budjetini imzolagandi. Shundan so‘ng gaz quvuri yotqizishda ishtirok etayotgan Shveytsariyaning Allseas kompaniyasi ishlarni to‘xtatganini ma'lum qildi. Natijada gaz quvurini yotqizishni yakunlash muddati ortga surildi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid