Jahon | 20:38 / 20.02.2020
10442
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Xitoydan evakuatsiya qilinganlar keltirilishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda 

Ukrainaning bir qator hududlarida mahalliy aholining o‘z hududlarida Xitoydan keltirilgan ukrainaliklar va xorijliklarning karantinga joylashtirilishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi. 

Foto: RBK Ukraina

Avvalroq G‘arbiy Ukraina aholisi koronavirus tarqalgan Xitoydan evakuatsiya qilinadigan ukrainaliklarni o‘z aholi punktlariga qo‘ymaslik uchun barrikadalar qurishayotgani ma'lum qilingandi.

Uxandan 45 ukrainalik va bir qator xorijiy davlatlarning 27 fuqarosini olib kelayotgan samolyot dastlab Kiyevdagi Borispol aeroportida soat 8da qo‘nishi kerak bo‘lgan, biroq u 2 soat davomida Xarkov, Dnepropetrovsk va Poltava oblastlari tutashuv joyi ustida uchib yurgan. Bu haqda “RBK Ukraina” nashri xabar berdi.

So‘ngra samolyot Borispolda yonilg‘i quyish uchun qo‘nib, keyin Xarkovga uchib ketgan. Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligida samolyot ekipaji a'zolari va yo‘lovchilarda o‘tkir respirator kasalliklar alomatlari yo‘qligi ma'lum qilingan.    

Uxandan keltirilganlarni Ukraina Milliy gvardiyasining Poltava oblasti, Noviye Sanjari posyolkasidagi tibbiy markazida joylashtirish rejalashtirilgandi. Bu esa mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ular yarimtundan boshlab aholi punktiga kirish yo‘llarini to‘sib, politsiya bilan to‘qnashuvga kirishgan. 

Politsiya va Milliy gvardiya yo‘lning qatnov qismidan namoyishchilarning avtomobillarini olib tashlash uchun harbiy texnika qo‘llagan. Namoyishchilar bilan Poltava oblasti ma'muriyati boshlig‘i Oleg Sinegubov uchrashgan. “Bu odamlar o‘rnida istalgan boshqa odam bo‘lishi mumkin edi. Ular uyga qaytmoqdalar. Bu insonlar kimningdir bolasi, ota-onasi, yaqinidir. Ularning barchasini xitoylik va ukrainalik shifokorlar tekshirgan. Ularning birortasida o‘tkir respirator infeksiya alomatlari aniqlanmagan”, deb ma'lum qilgan Sinegubov.   

Ma'lum qilinishicha, politsiya posyolka tomon tez yordam mashinalari, politsiya, Milliy gvardiya mashinalaridan boshqa transportni o‘tkazmayapti. 

O‘z navbatida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Noviye Sanjaridagi namoyishlarni qoralagan. “Yo‘llarni, gospitallarni to‘sishga, Ukraina fuqarolarini Ukrainaga qo‘ymaslikka urinishlar bilan o‘z fe'l-atvorimizning yaxshi bo‘lmagan jihatlarini ko‘rsatmoqdamiz. Ayniqsa, yo‘lovchilarning aksariyati 30 dan yoshlar ekani hisobga olinsa. Ularning ko‘pchiligi biz uchun boladek”, deb yozgan Zelenskiy Facebook’da.    

Prezidentning ta'kidlashicha, Xitoydan evakuatsiya qilinganlarning barchasi qoniqarli ahvolda. Bakteriologik xavf yo‘q, hokimiyat esa xavfsizlikni ta'minlash uchun mislsiz choralar ko‘rgan. Zelenskiy evakuatsiya qilinganlar joylashtiriladigan Noviye Sanjaridagi tibbiyot punkti “mamlakatdagi eng qo‘riqlanuvchi obektga” aylanishiga, u to‘liq izolyatsiya qilinishi va qat'iy bakteriologik xavfsizlik tartibiga o‘tkazilishiga va'da bergan.            

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid