«YuKOS», Putin, Haaga: Ish tarixi va Rossiya bo‘ynidagi ulkan qarz
18 fevral kuni xalqaro Haaga apellyatsion sudi Rossiya tomoni hozirda tugatilgan YuKOS kompaniyasining sobiq hissadorlariga 50 milliard AQSh dollari miqdorida tovon puli to‘lab berishi haqidagi 2014 yildagi sud qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Bu xalqaro arbitraj tarixidagi eng yirik kompensatsiyadir.
Quyida ushbu sud ishi bilan bog‘liq tafsilotlar, «YuKOS» neft kompaniyasi va uning xo‘jayini Mixail Xodorkovskiy atrofidagi voqealarga to‘xtalamiz.
«YuKOS» va uning egasi Xodorkovskiy
1992 yil Rossiyada mamlakatning birinchi prezidenti Boris Yelsin tomonidan imzolangan «Rossiya Federatsiyasida neft sohasida samarali ish olib borish va iste’molchilarga neft mahsulotlarini yetkazib berish samaradorligini oshirish haqida»gi 1403-sonli farmoni e’lon qilinadi.
Bu farmon asos qilinib bir nechta neft kompaniyalari tashkil etiladi. Jumladan, Rossiya hukumati raisi Viktor Chernomirdinning 354-sonli qarori bilan 1993 yil «YuKOS» neft kompaniyasiga asos solinadi. Uning tarkibiga Rossiyadagi o‘nlab neftni qayta ishlash zavodlari kiritiladi.
1995 yil Rossiya davlat mulklarini nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan «YuKOS»ni xususiylashtirish harakatlari boshlanadi. 1996 yil dekabrda uning nazorat aksiya paketini Mixail Xodorkovskiy boshchilik qiladigan Group Menatep Limited (GML) sotib oladi. Ushbu kompaniya tarkibida Rossiyadagi bir nechta taniqli tadbirkorlar bor edi.
Kompaniyada aksiyadorlarning ulushlaridagi farqlar katta bo‘lmasa-da, «YuKOS»ning amaldagi egasi Xodorkovskiy edi. Xodorkovskiy 1990-yillar boshida Boris Berezovskiy, Vladimir Gusinskiy va Roman Abramovich qatorida Rossiyadagi norasmiy «ishbilarmon to‘rtlik» a’zosi edi. Bu to‘rtlik ba’zida ayovsiz raqobatda kirishsa, ba’zan bir-biriga yordam berardi.
Xodorkovskiy «YuKOS»ning egasi bo‘lganidan so‘ng boshqa kompaniyalar singari u ham birin-ketin boshqa kichikroq korxonalarni o‘z tarkibiga qo‘shib boraveradi.
1997 yil «YuKOS» aksiyadorlari «Rosprom» guruhiga qo‘shilish haqida qaror qabul qiladi.
YuKOS va Xodorkovskiy boshida qora bulutlar
1998 yil may oyida «YuKOS»ning asosiy neftni qayta ishlash korxonalari joylashgan Neftyugansk shahri meri Vladimir Petuxov «YuKOS» kompaniyasi mahalliy budjetga soliq to‘lamayotgani haqida ayblov bilan chiqadi.
Bunga javoban «YuKOS» mahalliy budjetga jami 120 million rubl soliq to‘lagani, mer esa budjet mablag‘larini o‘zlashtirib yuborib, endi kompaniyaga tuhmat qilayotganini bildiradi.
Shundan so‘ng Petuxov ochlik e’lon qiladi va Moskvadan «YuKOS»ning soliq to‘lamagani bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishni, kompaniyani davlat hisobiga qaytarib olishni so‘raydi. Bu voqealardan ikki oy o‘tib Petuxovni ishga ketayotganda pulemyot-to‘pponchadan otib o‘ldirishadi. Qotillikni «YuKOS»ning xavfsizlik bo‘limi xodimi amalga oshirgani aniqlanib, qotil qamaladi.
1999 yil «Novaya gazeta» nashrida «Rosprom»-«YuKOS» alyansi budjetga mutlaqo soliq to‘lamayotgani haqida batafsil maqola e’lon qilinadi. Shundan so‘ng bu ish bo‘yicha surishtiruvlar boshlanadi. Shuningdek, matbuot orqali «YuKOS» soliqni boshqa kompaniyalarga qaraganda kamroq to‘layotgani haqida ma’lumotlar tarqala boshlaydi.
Putin bilan kelishmovchilik va Xodorkovskiyning qamoqqa olinishi
2003 yil boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazganida Xodorkovskiy «Rosneft» davlat kompaniyasini korrupsiyada ayblaydi. O‘shanda Putin Xodorkovskiyga «YuKOS»da ham soliqlardan qochish hollari bo‘lganini eslatadi.
O‘sha yili «YuKOS» rossiyalik yana bir taniqli tadbirkor Roman Abramovich egalik qilayotgan «Sibneft» kompaniyasi bilan birlashishini e’lon qiladi. O‘sha kunlarda Rossiya federal soliq xizmati «YuKOS»ning 2000-2003 yillarda soliqdan qochish holati bo‘yicha tekshiruv boshlaydi. Xodorkovskiy qamoqqa olinadi va «Sibneft» bilan qo‘shilish rejasi amalga oshmay qoladi.
Roman Abramovich tavakkalchilikka qo‘l urmaydi, u hukumatga «yoqmay qolgan» hamda ishi surishtiruvda bo‘lgan kompaniya bilan birlashib, o‘z kompaniyasi kelajagini xavf ostida qoldirishni xohlamaydi.
Mixail Xodorkovskiyni qo‘lga olish jarayoni xuddi filmlardagidek kechgandi. U 2003 yil 25 oktabr kuni shaxsiy samolyotida Irkutskka uchayotib, Novosibirsk aeroportiga yoqilg‘i quyish uchun to‘xtagan vaqtida Rossiya federal xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi. Undan avvalroq, 2003 yil yozida Xodorkovskiyning hamkorlaridan biri, Group Menatep Limited (GML) direktorlar kengashi raisi Platon Lebedev ham qo‘lga olingandi.
Xodorkovskiy salkam ikki yil davomida tergov qilinadi. Uni firibgarlik va davlatga katta miqdorda zarar yetkazishda ayblashadi. 2005 yil may oyida Moskva shahar Meshanskiy tuman sudi Xodorkovskiyga 9 yil qamoq jazosi belgilaydi. Hukmdan norozi bo‘lgan Xodorkovskiy apellyatsiya beradi.
2005 yil 22 sentabrda Moskva shahar sudi Xodorkovskiyga berilgan muddatni bir yilga qisqartiradi, shu bilan birgalikda, «YuKOS»ga tegishli barcha mulk va pullar «Rosneft» tarkibidagi «Baykalfinansgrupp» korxonasi nomiga o‘tkazilib, «YuKOS» bankrot deb e’lon qilinadi.
Xodorkovskiyga o‘qilgan hukm dunyoning ko‘plab davlatlarida, G‘arb nashrlarida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. OAVdagi aksariyat chiqishlarda «YuKOS»ga tegishli mulk musodara qilinib, Xodorkovskiyning qamalishi siyosiy sabablarga bog‘lanadi. Shuningdek, milliarderning Putin bilan aloqalari yaxshi bo‘lmagani bot-bot eslanadi. Qamoqxonada Xodorkovskiyga bir necha marta qurolli hujum uyushtirishadi va bir safar u yengil jarohat ham oladi.
Xodorkovskiyga qarshi ikkinchi ish
2006 yil dekabrda Xodorkovskiyga qarshi yangi ish ochiladi. 2010 yil 30 dekabrda sud Xodorkovskiy va Lebedevni yangi ayblovlar bilan aybdor deb topadi va ularning har ikkisiga 14 yil qamoq jazosi belgilanadi. 2011 yilda Xodorkovskiy va Lebedevga berilgan hukm kassatsion tarzda o‘zgarishlarsiz qoldiriladi.
2012 yilda Xodorkovskiy Rossiya biznes-ombudsmani Boris Titovga ikkinchi sud ishidagi ayblovlar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazish uchun murojaat qiladi. O‘sha yili Moskva shahar sudi Xodorkovskiy va Lebedevning qamoq muddatini 13 yildan 11 yilga kamaytiradi.
Xodorkovskiy va «YuKOS» ishiga xalqaro e’tibor
Xodorkovskiy va «YuKOS»ning boshqa hissadorlari «YuKOS»ning mulki tortib olingan va Xodorkovskiy qamalgan paytlardayoq yordam so‘rab Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojat qilgan edi. O‘shanda Group MENATEP Ltd (GML) va uning tarkibidagi Yukos Universal Ltd (YUL) Rossiya hukumatidan o‘z foydasiga 100 milliard dollar undirish haqida da’vo kiritadi. Bunday murojaatlar birinchi va ikkinchi sud ishidan keyin ham bir necha marta davom etdi.
Avvaliga Yevropa sudi taqdim etilgan dalillar yetarli bo‘lmagani uchun ishni e’tiborsiz qoldiradi. 2009 yilda esa yetarli dalillar taqdim etilgach ish bo‘yicha surishtiruv boshlanadi.
2011 yil Yevropa sudi Xodorkovskiy va «YuKOS»ga tegishli ishni ko‘rib chiqar ekan, «YuKOS» va Xodorkovsiy ishida olib borilgan surishtiruvlarda kamchiliklar bo‘lgani, dalillar yetarli darajada o‘rganilmaganini qayd etadi. Avvaliga sud Xodorkovskiyning siyosiy motivlar bilan qamalganiga dalillar yo‘q deb hisoblaydi. Keyinchalik esa «YuKOS» va Xodorkovskiy faoliyati davomida tadbirkorlikni nazorat qiladigan qoidalarni buzganini, ammo Xodorkovskiy hamda uning hamkorining qamalishi, «YuKOS»ga tegishli mulklarning tortib olinishi aynan siyosiy motivlar ostida bo‘lib o‘tgani haqida qaror chiqaradi.
Shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar va siyosatchilar Xodorkovskiyning qamalishi Putin bilan kelishmovchilik ortidan sodir bo‘lgani haqida bayonot beradi. Masalan, 2005 yil AQSh Senati Xodorkovskiy ishi bo‘yicha 232-sonli rezolyutsiya qabul qiladi. Senatorlar Barak Obama, Jo Bayden va Jon Makkeyn tomonidan tayyorlangan ushbu rezolyutsiyada «Xodorkovskiy ishi Rossiyada sudlarning mustaqil emasligi hamda asosan Kreml manfaatlari uchun xizmat qilishini anglatishi va bu demokratik jamiyat qurishga urinayotgan Rossiya uchun xavfli holat ekanligi» ta’kidlangan edi.
Xodorkovskiyning afv etilishi
2013 yil 19 dekabrda Vladimir Putin yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazgan matbuot anjumanida Xodorkovskiy o‘zini avf etish haqida murojat qilgani va yaqin kunlarda u afv etilishi haqida gapiradi. O‘shanda Putin Xodorkovskiyning afv etilishini uning onasi bemorligi uchun deb izoh beradi. Oradan bir kun o‘tib, 20 dekabrda Xodorkovskiyni afv etish haqidagi farmon e’lon qilinadi.
O‘sha kuni tundayoq Xodorkovskiyni Kareliyadagi qamoqxonadan Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportiga olib kelishadi. U Germaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Xans-Ditrix Gensher bilan birgalikda Berlinga uchib ketadi. Gensher aeroportga adashib kelib qolmagan va aynan Xodorkovskiy uchun samolyot tayyorlab turgandi.
Oradan bir necha kun o‘tib rossiyalik jurnalistlar Kseniya Sobchak va Mixail Zigar Berlinda Xodorkovskiydan videointervyu olishadi. O‘sha kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xodorkovskiy tadbirkorlik hamda siyosat bilan shug‘ullanmasligi, rejasida Rossiya muxolifatiga moddiy yordam berish yo‘qligi, asosiy e’tiborini jamoatchilik ishlariga va Rossiyadagi siyosiy mahbuslarni ozod qilishga qaratishini ma’lum qiladi.
Rossiyaga qarshi da’volarda yutib chiqish
2014 yil 28 iyulda Haagadagi Xalqaro arbitraj sudi Rossiya tomoniga yetkazilgan moddiy zarar uchun «YuKOS» ishi» bo‘yicha Group Menatep Limited (GML) foydasiga 2015 yil 15 yanvargacha 50 milliard AQSh dollari, boshqa turli xarajatlar uchun esa 65 million AQSh dollari to‘lab berish majburiyatini qo‘yadi.
Sud o‘z qarorida Rossiya «YuKOS» kompaniyasini yo‘q qilib uning aktivlarini o‘zlashtirgani, suddan so‘ng «YuKOS» aktivlari o‘tkazib berilgan «Baykalfinansgrupp» aslida soxta kompaniya ekani, Rossiya tomoni Xodorkovskiy va «YuKOS»ga nisbatan nohaqlik qilganini vaj qilib keltiradi. 2014 yilning o‘zida Rossiya tomoni bu ish yuzasidan Niderlandiyadagi Haaga okrug sudiga shikoyat kiritadi. Ushbu sud 2016 yil Rossiyaning shikoyatini ko‘rib chiqib, xalqaro arbitraj sudining 2014 yilda «YuKOS» aksionerlari foydasiga chiqargan qarorini bekor qiladi.
Shundan so‘ng «YuKOS» aksiyadorlari apellyatsiya beradi va Haaga apellyatsion sudi ishni qayta ko‘ra boshlaydi. 2020 yil 18 fevral kuni Haaga apellyatsion sudi Haaga okrug sudi tomonidan 2016 yilda Rossiya foydasiga chiqarilgan qarorni bekor qilib, 2014 yilda Xalqaro arbitraj sudi chiqargan qarorni o‘z kuchida qoldirdi.
Oradan biroz o‘tib, Yevropadagi yana bir sud – Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi yetkazilgan ma’naviy zarar tufayli Rossiyadan «YuKOS» aksionerlari foydasiga 1,8 milliard dollar undirish haqida qaror qabul qiladi.
Haaga xalqaro sudining ijrosi va unga rossiyaliklarning munosabati
Bugun rossiyalik siyosatchilarning aksariyati Rossiya Haaga apellyatsion sudining qarorini bajarmasligi kerak deb hodisaga o‘z fikrini bildirmoqda, ammo bu ish oson bo‘lmaydi. 2014 yilda Rossiya «YuKOS» aksionerlariga 50 milliard dollar to‘lashi haqida ilk qaror chiqqanida, oradan biroz o‘tib 2015 yilda Rossiyaning Belgiya, Fransiya va Avstriyadagi aktivlari muzlatilgan edi.
Hozir Rossiyada bu ish yuzasidan yana apellyatsiya berish huquqi bor, ammo unda yutib chiqishga rossiyalik huquqshunoslarning o‘zi ham ishonmayapti. Haaga apellyatsion sudining 18 fevraldagi qaroridan keyin Yevropa davlatlarida Rossiya aktivlari yana muzlatilishi va ularni «YuKOS» aksionerlari foydasiga musodara qilishi mumkin.
Rossiya tomoni Haaga xalqaro arbitraj sudining qaroriga hozircha jiddiy javob bermadi. Faqat Rossiya Adliya vazirligi «Haaga xalqaro apellyatsiya sudi 2014 yildagi sudning qarorini o‘z kuchida qoldirib xato qilgani va ishni ko‘rib chiqishda Rossiya foydasiga ishlashi mumkin bo‘lgan dalillarga yetarli darajada e’tibor bermagani, shu tufayli Rossiya tomoni Niderlandiya Oliy sud instansiyasiga shikoyat bilan murojat qilishi» haqida o‘z saytida munosabat bildirdi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Mavzuga oid
23:01 / 21.11.2024
Putin Dneprga «Oreshnik» ballistik raketasi yordamida zarba berilganini ma’lum qildi
20:56 / 21.11.2024
Putin Pxenyan hayvonot bog‘iga sher va ikkita ayiq sovg‘a qildi
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
09:28 / 21.11.2024