O‘zbekiston | 10:41 / 22.02.2020
1843
3 daqiqa o‘qiladi

Elsewedy Electric O‘zbekistonda elektr energetikada ma'lumotlarni qayta ishlash yagona markazini yaratishi mumkin

Elsewedy Electric bilan elektr energetika tizimida ma'lumotlarni qayta ishlash respublika yagona markazini yaratish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

2020 yil 20 fevral kuni energetika vaziri Alisher Sultonov Elsewedy Electric kompaniyasining (Misr) prezidenti va bosh ijrochi direktori Ahmad al Suveydi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, muzokaralar davomida O‘zbekiston energetika tarmog‘ini rivojlantirishda misrlik mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularning xalqaro tajribasidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Energetika vaziri Misr kompaniyasi rahbarini yangi generatsiya quvvatlari qurilishi bo‘yicha tayyorgarlik bosqichidagi loyihalar bilan tanishtirdi, bular: Sirdaryo viloyatida 1 000 MVt.lik quyosh elektr stansiyasi va 1 300 MVt.lik issiqlik elektr stansiyasi qurilishi.
  
Ta'kidlandiki, O‘zbekistonda 2019 yilda «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unga muvofiq, Xalqaro moliyaviy korporatsiya (Jahon banki) va OTB bilan birga 2025 yilgacha 2 GVt quvvatli quyosh elektrostansiyalarni qurish uchun salohiyatli investorlarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, XMK bilan birga «1200-1400 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyalari qurilishi» loyihasi doirasida tender savdolari e'lon qilingan. G‘oliblarni shu yilning noyabr-dekabr oylarida aniqlash rejalashtirilgan. Loyihaning taxminiy qiymati 1,0 – 1,3 mlrd dollarga teng.

O‘zbekiston tomoni, investitsiyaviy hamkorlikdan tashqari, Energetika vazirligi Elsewedy Electric kompaniyasi bilan elektr energetika tizimida ma'lumotlarni qayta ishlash respublika yagona markazini yaratish, ilg‘or texnologiyalar asosida ko‘mir qazib olishni rivojlantirish, shuningdek uglevodorodlarni chuqur qayta ishlashga sarmoya kiritish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.

Elsewedy Electric kompaniyasi 1938 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda elektrotexnika, kabel, telekommunikatsiya mahsulotlari, an'anaviy va qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun transformatorlar, turbinalar ishlab chiqariladi. Hozirgi paytda ushbu kompaniya kabellar, transformatorlar, elektrotexnika mahsulotlari, PVX ishlab chiqarish, energetika sohasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish (elektr energiya ishlab chiqarish, «tayyor holda» qurish va LEPlar, taqsimlash tizimlari, gazni o‘lchovchi stansiyalarni jihozlash), qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish (quyoshli va shamol elektr stansiyalari) bo‘yicha energetika korporatsiyalari o‘ntaligiga kiradi. 

Elsewedy Electric’ning dunyoning 15 mamlakatida 30ta ishlab chiqarish quvvatlari mavjud, u yerda 15 mingdan ortiq xodimlar mehnat qiladi. 2018 yilda kompaniya daromadlari 2,12 mlrd dollarni tashkil etdi.

Bundan oldin, Elsewedy Electric Toshkentda drayport qurishga qiziqish bildirayotgani xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid