O‘zbekiston Ekologik partiyasi Uychi tumani partiya tashkiloti kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Otaxonov tomonidan bildirilgan takliflar yo‘l qurilishidan keyingi nosozliklarni bartaraf etish yo‘lida dasturilamal bo‘lsa ajab emas.
Faqat uni parlament darajasida o‘rganib, tegishli qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar qo‘shish talab etiladi.
Quyida mutaxassisning bildirgan takliflari bilan tanishing:
«Yo‘llar qaysi toifali yo‘l bo‘lishidan qat'i nazar, bu yo‘llardan avtomexanizmlar (avtomobillar, traktorlar va boshqalar) harakatlanadi.
Agar katta mablag‘ sarflab qurilgan yo‘llar ayrim sabablarga ko‘ra ko‘p o‘tmasdan o‘yilib ketsa yoki cho‘ka boshlasa — uni qayta ta'mirlash uchun yana mablag‘ talab etiladi. Demak, biz yo‘llar buzilishiga sabab bo‘layotgan o‘sha omillarni bartaraf etishimiz kerak.
Yo‘l qurilishida belgilangan standart va me'yorlarga amal qilmaslik ham bor, albatta. Lekin tan olish kerak, aksariyat holatlarda yo‘llar buzilishiga uning ostidagi bo‘sh qatlam sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, bu bo‘sh qatlam qayerdan paydo bo‘ladi o‘zi?
90-95 foiz holatlarda bo‘sh qatlamlarni o‘zimiz hosil qilyapmiz. Yo‘lning o‘zidan va yo‘l chetidan o‘tishi lozim bo‘lgan kommunikatsiya (suv, gaz, kanalizatsiya va boshqalar) tarmoqlarining loyihalari xato tuzilmoqda.
«Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonundagi me'yor va standartlarda ayrim nomukammalliklar borligi sababli, ana shunday xato loyihalar davlat ekspertizasidan o‘tib ketmoqda. Natijada, kommunikatsiya tarmoqlariga alohida yo‘laklar va yo‘lni kesib o‘tish yo‘laklari ko‘rsatilmasdan, ajratilmasdan, ular yo‘lning qatnov qismi ostida joylashib qolmoqda.
Shu kunlarda shaharlar va qishloqlarda eski turarjoylar va noturar joylar buzilib, yo‘llarni kengaytirilib, yangidan qurilmoqda. Afsuski, davlatning milliardlab mablag‘i sarflanayotgan bu yangi yo‘llarning loyihasida ham kommunikatsiya tarmoqlariga alohida yo‘laklar va yo‘lni kesib o‘tish yo‘laklari ajratilmasdan, ularni yo‘lning qatnov qismi ostiga joylashtirishda davom etishmoqda.
Bu kommunikatsiya tarmoqlari uchun kavlangan chuqurlarni ko‘mib, 100 foiz zichlashning iloji yo‘q. Sababi — bu kommunikatsiya tarmog‘iga aholi ingichka quvurlar orqali ulangani sababli, yuqori bosim va yuqori tebranish berib, zichlashga harakat qilinsa, ulangan joylar (uzellar) uzilib ketadi va yanada ko‘proq tashvish keltirib chiqaradi.

















