O‘zbekiston | 11:06 / 27.02.2020
21155
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: Seul-Toshkent reysining koronavirus yuqtirgani gumon qilingan yo‘lovchisida virus aniqlanmadi

Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga kelgan reys yo‘lovchilarida koronavirus aniqlanmadi, lekin ular ikki hafta davomida tibbiy kuzatuv ostida bo‘lishadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun, 27 fevral kuni, Seuldan kelgan HY514 reysi yo‘lovchilari Toshkent aeroporti xalqaro terminali hududida tekshiruvdan o‘tkazildi.

«Joriy yil 26 fevral kuni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasiga tegishli NY 514-reys bilan Seul – Toshkent yo‘nalishida Toshkent vaqti bilan soat 19:02da poytaxtimizga uchgan samolyot bortida 1996 yilda tug‘ilgan, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi B.T.ning salomatligi yomonlashgani, unda insult alomatlari aniqlangani sababli samolyot 20:55da Seul aeroportiga qaytarilgan. Seul aeroportida bemor va uning farzandi hamda bir nafar fuqaro tushirib qoldirilib, B.T.dan koronavirus infeksiyasiga laborator tahlillar olingan.

Shundan so‘ng, samolyot Toshkent vaqti bilan soat 22:59da Seuldan poytaxtimizga 232 nafar yo‘lovchi va ekipajning 12 nafar a'zosi bilan jami 244 nafar fuqaro uchgan va joriy yil 27 fevral kuni, mahalliy vaqt bilan soat 05:58da Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan.

Koronovirusning O‘zbekistonda tarqalishining oldini olish maqsadida Seuldan kelgan yo‘lovchilar Toshkent aeroporti xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirilib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, Seul shahrida qolgan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi B.T.dan koronavirus infeksiyasiga olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, unda koronavirus alomatlari aniqlanmagan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Vazirlik rasmiysining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, endilikda Toshkent aeroportida izolyatsiyaga joylashtirilganlarga nazorat tekshiruvidan keyin javob beriladi, lekin ular ikki hafta davomida o‘zi yashovchi hududda tibbiy kuzatuv ostida bo‘lishadi - ularga cheklovchi tartib joriy etiladi. 

Bundan oldinroq Janubiy Koreyadan Toshkentga uchib kelgan samolyot yo‘lovchilari izolyatsiya qilingani haqida xabar berilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid