11:40 / 28.02.2020
0
3697

O‘zbekiston 2023 yilda YeTTB boshqaruv kengashi yillik yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi

Londonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki direktorlari kengashining maxsus yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Londonda bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) direktorlari kengashining maxsus yig‘ilishida O‘zbekiston tomonidan YeTTB boshqaruvchisi – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov YeTTB bilan hamkorlikning dolzarb masalalari va uni kengaytirish takliflari bilan murojaat qildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, taqdimot davomida o‘tkazilgan parlament saylovlari munosabati bilan O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlarni amalga oshirish borasidagi yutuqlar, xalqaro moliya institutlari, xususan, YeTTB bilan hamkorlikning tahlili yoritildi.

Shuningdek, murojaatda O‘zbekistonning YeTTBni o‘rta muddatli istiqbolda strategik rivojlantirishga oid asosiy masalalari bo‘yicha pozitsiyasi aks ettirildi va shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini ustuvor tarmoqlarda yangi iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar hajmining ko‘paytirish orqali tubdan oshirish zarurati asoslantirib berildi.

Murojaat doirasida 2023 yilda YeTTB boshqaruv kengashining yillik yig‘ilishini Samarqand shahrida o‘tkazish taklifi taqdimot qilindi. Bu taklif kengash a'zolari va bank rahbariyatining ijobiy reaksiyasiga sabab bo‘ldi – bugungi kunda Samarqand barcha mezonlar bo‘yicha ushbu tadbirni o‘tkazish huquqiga asosiy da'vogarlaridan biri bo‘lib qolmoqda, deyiladi xabarda.

Savollar va izohlar bo‘yicha keyingi sessiyalar davomida kengash a'zolari tomonidan O‘zbekistondagi tashabbus va o‘zgarishlarni, shu jumladan ustuvor tarmoqlarni isloh qilish orqali iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini boshlash, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish bo‘yicha faol ish olib borish orqali global iqtisodiy makonga integratsiyalashish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlari bildirildi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan takliflar bank prezidenti Suma Chakrabarti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va direktorlar kengashi a'zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida davlat ahamiyatidagi umumiy foydalanish avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun O‘zbekiston Respublikasiga uzoq muddatli moliyalashtirish taqdim qilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

YeTTB shtab-kvartirasida ishlaydigan vatandoshlar bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, ochiq muloqot shaklida O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni, xalqaro moliya institutlari, shu jumladan YeTTB bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, davlat tuzilmalari va idoralari faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top