O‘zbekiston | 17:52
382
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev YeTTB bilan keng ko‘lamli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda YeTTB bilan O‘zbekistonda islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng ko‘lamli sheriklikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu moliyaviy institut bilan strategik sheriklik bugungi kunda har qachongidan ham yuqori darajada ekani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugun O‘zbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori hisoblanadi. Ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarning umumiy portfeli 7 milliard dollardan oshdi. Investitsiyalarning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Ekologik transportni rivojlantirish, temir yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish, tadbirkorlik, ipoteka bozori va mamlakat startaplar ekotizimini qo‘llab-quvvatlash sohalarida yangi kelishuvlar imzolangani qayd etildi.

Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni kreditlash ko‘lamini kengaytirish, jumladan, eksportni moliyalashtirish, ayollar va yoshlarni biznes yuritishga o‘qitish dasturlarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish hamda bank-moliya sektorini transformatsiya qilish jarayonlarida ishtirok etish va boshqa yo‘nalishlar ustuvor etib belgilandi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va transport infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish bo‘yicha rejalar qo‘llab-quvvatlandi.

Loyihalarni tayyorlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda ularni amalga oshirish samaradorligini yaxshilash maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlarini jalb etishdan manfaatdorlik bildirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid