O‘zbekiston | 21:13 / 28.02.2020
33613
5 daqiqa o‘qiladi

Senat yalpi majlisiga Mehnat vazirligidan hech kim kelmadi. Senatorlar Bosh vazirdan izoh so‘raydi

«Vazirliklarning mas'uliyati nega bu ahvolda? Yalpi majlisda ko‘rilayotgan masala – ularning masalasi. Faqat bizga kerakmi u?!» – Tanzila Norboyeva.

Oliy Majlis Senatining 2-yalpi majlisida ota-onalar qarovisiz qolgan, mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar to‘g‘risida hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijasi ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Senator Minhojiddin Hojimatov mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash bo‘yicha aniq manzilli dasturlar bor-yo‘qligi, bor bo‘lsa ularning ijrosi qay darajada ta'minlanayotgani, yetimlarning ish joyidagi qo‘nimsizligining oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan qiziqdi.

Biroq yalpi majlis ishtirokchilari – hukumat a'zolari orasida mazkur savolga javob beradigan odam topilmadi. Senat raisi Tanzila Norboyeva holatga aniqlik kiritishni talab qildi.

«Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan kim keldi? Yo‘qmi hech kim? Yo‘q ekan!

Savolingizga men javob berishim mumkin. [Hukumatda] bunday dastur yo‘q. Bu masala bilan ko‘p yillardan beri shaxsan shug‘ullanib kelayotganim uchun buni juda yaxshi bilaman. Ularda umumiy dastur bor. Mehribonlik uylari bitiruvchilarini familiya bo‘yicha qayerga joylash mumkin, qanday kasbga o‘qitish kerak degan masala Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining kun tartibida yo‘q.

Shuning uchun bu masalani Senat qarorida topshiriq sifatida ko‘rsatib o‘tamiz.

Vazirlikdagilar yalpi majlisga nima uchun kelishmaganiga albatta aniqlik kiritish kerak. Tushuntirishini olish kerak nimaga kelmagani bo‘yicha. Bosh vazirga bu bo‘yicha xat yozamiz. Vazirliklarning mas'uliyati nega bu ahvolda? Yalpi majlisda ko‘rilayotgan masala – ularning masalasi. Faqat bizga kerakmi u?!» – dedi Senat raisi.

Norboyeva parlament so‘roviga Vazirlar Mahkamasi berilgan javob qoniqarli bo‘lmagani, sohada muammolar yetarlicha ekani, yetimlarni ishga joylash, uy bilan ta'minlash bo‘yicha haligacha eski tizimdan davom etib kelayotgan mexanizmlar amal qilayotganini aytdi.

Ta'kidlanishicha, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning huquqiy yordam olish va sud himoyasida bo‘lish huquqlari yetarli darajada ta'minlanmagan. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolganlarni mehribonlik uylariga joylashtirish faqat tuman (shahar) hokimlari ixtiyorida qolib ketayotgani ularning kelgusi taqdirini belgilashda sub'yektiv yondashuv hal qiluvchi omil bo‘lib qolishiga olib kelmoqda. Bu esa ko‘p hollarda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolganlarni patrionat yoki oilalar qaramog‘iga berish ishlari samarali yo‘lga qo‘yilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Bu va boshqa muammolarni muhokama qilib, senatorlar bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Eng avvalo, qonunchilik bazasini mustahkamlash, ya'ni «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bunda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni oilaviy hamda bolalar muassalariga joylashtirish tartibi va shakllarini aniq belgilash muhimligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, bunday bolalarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat oilaviy muassasalarga joylashtirishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligi ta'kidlandi.

Masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, hukumat vakillarining ularga taalluqli masala ko‘rilgan parlament yig‘ilishida qatnashmagani holati dekabr oyida ham kuzatilgan edi. O‘shanda Senat kengashida ovqatlandan zaharlanish masalasi ko‘tarilgan, Tanzila Norboyeva Sog‘liqni saqlash vazirligini muammoga befarqlikda ayblagandi.

«Muammoga munosabatni yig‘ilishga kelishmagani ham ko‘rsatib turibdi. Bunaqa «jiddiy munosabat»ni qanaqa tushunish mumkin?», – degandi u.

Bu majlisning ertasiga Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qatnashgan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shu masaladagi tanqidlarga javob berar ekan, Senatdan taklifnoma olgani, lekin unda vazir yoki vazir o‘rinbosari borishi to‘g‘risida masala ko‘tarilmaganini bildirgan edi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Senat axborot xizmati «SSVning ijro intizomi buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgani» haqida ma'lum qilgandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid