Jahon | 21:04 / 02.03.2020
3384
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda bir yil ichida uchinchi parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Prezident buni sharmandalik deb atadi

Isroilda yangi hukumatni shakllantirishga ikkita muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin oxirgi 11 oy ichidagi uchinchi parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Knessetga saylovlarda 6,4 mln kishi ishtirok eta oladi.  

Foto: O.Fitussi

Avvalgi saylovlar natijalariga ko‘ra hukumat koalitsiyasini tuzishga muvaffaq bo‘linmagan. Bunday holat mamlakatning 72 yillik tarixida ilk bor yuzaga kelgan. Joriy saylovlar natijalariga ko‘ra knessetga saylovda g‘olib bo‘lgan partiya yetakchisi parlamentda ko‘pchilik koalitsiyasini tuzishga harakat qilib ko‘radi. Buning uchun u parlamentning 120 nafar yangi deputatidan kamida 61 nafarining qo‘llab-quvvatlovini olishi kerak.  

Asosiy kurash Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi va Beni Gansning muxolif bloki “Kaxol-Lavan” o‘rtasida kechishi kutilmoqda.

Foto: Ye.Finkel

Isroil prezidenti Reuven Rivlin isroilliklar saylov uchastkalariga uchinchi marta borishlariga to‘g‘ri kelayotganidan afsus bildirgan. “Sizga aytishim kerak, bugun men xursandchilikdan ancha yiroq tuyg‘uni his qilmoqdaman. Mening his-tuyg‘ularim to‘g‘rirog‘i sharmandalikni eslatmoqda. Aziz fuqarolar, sizning oldingizda uyatdaman. Biz bunga loyiqmasmiz, biz badbo‘ylikka qarab ketayotgan yana bir saylovoldi kampaniyasidan yaxshirog‘iga munosibmiz”, deb aytgan prezident.    

Isroil bosh vaziri isroilliklar ovoz berish kabi “demokratik huquqqa ega ekanliklaridan” mag‘rurlanishlari kerakligini aytib, ularni koronavirus tarqalishi bilan chaqirilgan vahimaga e'tibor qaratmay, ovoz berishda ishtirok etishga chaqirgan. “Feyk yangiliklarga e'tibor bermang, xavotirga berilmay va faxr bilan saylovga boring va ovoz bering”, deb aytgan Netanyaxu.  

Ushbu saylovlar Netanyaxuga qarshi uchta korrupsiya ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlanishiga sanoqli kunlar qolganda o‘tmoqda. Sud jarayoni 17 mart kuni boshlanadi. Isroil prokuraturasining ta'kidlashicha, bosh vazir tadbirkorlardan sovg‘alar olgan va buning evaziga ularning iltimoslarini bajargan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid